Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!
Navro‘z – yangi rizq-ro‘z, kun va tun tenglashadigan, sharqona yangi yil. Fayzli ayyomda milliy qadriyatlarimiz o‘zaro mehr-oqibat rishtalari mustahkamlanadi. Ona tabiat bor go‘zalligini ko‘z-ko‘z qiladi, yanada chiroy ochadi. Namanganning shahar va tumanlarida, qishloqlarida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” bosh g‘oyasini o‘zida mujassam etgan umumxalq sayillari o‘tkazilmoqda.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘i hamda “Afsonalar vodiysi” xiyobonida erta tongdan Navro‘z sayillari boshlandi. Sharqona yangi yil boshlanishini o‘zida ifoda etgan, ming yillarga borib taqaladigan, milliy qadriyatlarimiz tarannumi bo‘lgan Navro‘z sayillarida bir-biridan ajoyib ko‘ngilochar dasturlar odamlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda. Ayniqsa, bolajonlarning quvonchi cheksiz. Turli tuman zamonaviy attraksionlar ular xizmatida.
Bobur bog‘iga tutash “Tinchlik” stellasi oldida viloyat sektorlari rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, viloyat ahli va mehmonlar to‘plandi.
Prezidentimizning joriy yil 4-martdagi “2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bo‘lib o‘tayotgan sayilda Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov yig‘ilganlarni yasharish va bahor ayyomi bilan tabrikladi.
Viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan Navro‘zi olamga bag‘ishlangan kompozitsiya va teatrlashtirilgan chiqishlar havola etildi. Viloyat sektorlar rahbarlari, kayvoni nuroniylar ko‘rgazmalar orqali mehnat yutuqlarini namoyish etayotgan tashkilotlar, mahallalar, tadbirkor va hunarmandlar bilan dildan muloqotda bo‘ldi.
E’tirof etilganidek, Namangan va namanganliklar Navro‘zi olamda o‘z oldilariga ulkan xayrli maqsad va rejalarni belgilab, buning ijrosiga kirishdilar. Joriy yilda viloyatda 3 milliard dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.
Pop-Namangan katta avtomobil magistral yo‘lining 75 kilometr masofaga ega bo‘lgan qismida ta’mirlash ishlari boshlandi. Shuningdek, Uychi tumani orqali Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarini markaz bilan bog‘lovchi yangi yo‘l qurish hamda Norin daryosi ustida yangi ko‘prik qurish ishlariga ham start berildi.
Namangan shahrini “millionlik shahar” maqomiga aylantirish borasida bunyod etilayotgan “Yangi Namangan” shaharchasi qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Bu muhtasham joyda ma’rifatparvar jadidchi alloma Is’hoqxon To‘ra Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti binosi foydalanishga topshiriladi. Hududlarda shahar va tumanlar infratuzilmasini rivojalantirishga qaratilgan 2,3 trillion so‘m miqdoridagi bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.
[gallery-16514]
Shuningdek, Mustaqillik bayrami arafasida Axsikent arxeologik yodgorligida “Sharq taronalari” xalqaro musiqiy festivalini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bayramona bezangan markaziy bog‘ bugun o‘zgacha fayz-tarovatga ega. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarning badiiy jamoalari, folklor-etnografik ansambllar, taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari, yozuvchi va shoirlar, raqs jamoalari hamda askiya san’ati ustalarining chiqishlari ko‘ngillarga huzur bag‘ishlamoqda. Sayillarda viloyatdagi Qirg‘iz, Tojik, Rus hamda Koreys milliy madaniy markaz faollari ham o‘z odat va an’analari aks etgan chiqishlari bilan ishtirok etgani diqqatga sazovor.
Qolaversa, hunarmandchilik asarlari va kitob rastalari, “Bahor ne’matlari” ko‘rgazmalari va yarmarkalari, “Sumalak” sayillari, mahallalar yoshlari o‘rtasida milliy sport o‘yinlari musobaqalari, tibbiyot muassasalarining sog‘lom turmush tarzi targ‘ibot tadbirlari, turli konsert-tomosha, madaniy ko‘ngilochar dasturlari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, joylarda arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, ko‘chma savdo hamda tadbirkorlik, hunarmandchilik mahsulotlari do‘konlari xalqimiz dasturxoniga turfa xil ne’matlarni yetkazib bermoqda. Bu yilgi Navro‘z bayramiga muborak Ramazon oyining to‘g‘ri kelishi uning sharofatini ikki hissa oshirgani, ayni haqiqat. O‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironligi bor, yordamga muhtoj insonlarni xushnud etish, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlar og‘ushida Navro‘zimiz yanada fayzga to‘lmoqda.
Ayniqsa, viloyatdagi barcha davlat va jamoat idoralari, daxldor tashkilotlar, qolaversa, saxovatpesha tadbirkorlar va deputatlar tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, yakka yolg‘iz faxriylarni e’zozlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj kishilar, nogironligi bor oilalar holidan xabar olish bilan bog‘liq savobli ishlar ham o‘tkazilmoqda. Xususan, Namangan shahrida besh nafar nogironligi bor hamyurtimizga nogironlik aravachasi topshirildi. Yangi Namangan tumanida esa ijtimoiy daftarlar ro‘yxatiga kiritilgan xonadonlarning olti nafar farzandining xatna to‘ylari nishonlanib, ularga qimmatbaho tuhfalar taqdim qilindi.
Darhaqiqat, bugun Namanganning qay bir go‘shasiga bormang, Navro‘z shukuhi ufurib turganini his etasiz. Bir so‘z bilan aytganda, yangilanish va yasharish bayrami barcha mahallalarda, mehnat jamoalarida keng nishonlanmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari