Oktyabr – kuzatuv tarixidagi eng issiq oy
Ha shunday, 2023 yilning oktyabr oyi yer yuzi bo‘ylab harorat kuzatuvi tarixidagi eng yuqori, ya’ni o‘rtacha 15,3 darajani tashkil etdi. Yevropa “Copernicus” monitoring xizmati xulosasiga ko‘ra, bu 2019 yil qayd etilgan rekorddan 0,4 daraja baland.
Avvalroq BMT Jahon meteorologiya tashkiloti – JMT 2023 yil kuzatuv tarixida eng issiq kechadi, deya bayonot bergan edi. Xavotir shundaki, so‘nggi oylarda harorat rekordi ko‘p bor yangilandi.
JMT ma’lumotida kelgusi besh yil ichida global harorat rekord darajaga chiqishi mumkinligi keltirilgan. Bunga antropogen omil, ya’ni issiqxona gazi va tabiiy omil – okean oqimi fazasi La-Ninadan Al-Ninoгача o‘zgarishi sabab bo‘ladi. Olimlar aytishicha, bu hodisa nafaqat sayyoradagi o‘rtacha haroratga, balki yog‘ingarchilik tartibiga ham ta’sir qiladi. Oqim fazasi o‘zgarishining o‘ziga xos xususiyati shundaki, La-Nina payti atmosferadan okeanga issiqlik tushishi jadallashadi, Al-Nino chog‘i esa oqim okeandan atmosferaga o‘tadi. Mutaxassislar faza o‘zgarishi jarayoni shu yil yozida boshlanganini aytishmoqda.
Yevropa uchun yangi tahdid
Ekspertlar ta’kidlashicha, tez orada iqlim keskin o‘zgaradi – Yevropada yangi muzlik davri boshlanadi. Bunga global isish “aybdor”. Daniya olimlari modellashtirish natijasini olgach, shunday notabiiy xulosaga kelishdi.
Geologik tarix Yer Quyoshning yorqinligi va sayyoramiz orbitasidagi tebranishga, vulqon faolligiga, atmosfera tarkibiga, okean oqimi dinamikasiga va boshqa ko‘plab omillarga qarab isishi yoki sovishini isbotlagan. XX asr o‘rtalaridan boshlab o‘rtacha yillik harorat ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Afsuski, tabiiy sabab bilan izohlab bo‘lmaydigan ayni holat antropogen issiqxona gazi chiqindisi ko‘payishi bilan bog‘liq, deb taxmin qilinyapti. Bu Jahon meteorologiya tashkiloti va BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturi tomonidan yaratilgan, Iqlim o‘zgarishiga oid hukumatlararo panel tomonidan prognoz qilish uchun ishlatiladigan iqlim modelining asosiy parametridir. Ushbu nufuzli tashkilot xulosasi Kioto protokoli va Parij kelishuvi kabi xalqaro iqlimni tartibga solishga doir asosiy hujjat uchun asos sifatida xizmat qilgan.
Afsuski, olimlar global isish emas, balki global iqlim o‘zgarishi haqida gapirishni afzal ko‘rishadi. Sayyora ob-havosi ko‘plab omillar bilan belgilanadi va hatto, o‘nlab parametrlarni hisobga olgan eng zamonaviy iqlim modeli ham juda noaniq prognoz beradi. Yer iqlimi tizimining eng muhim elementlaridan biri, shubhasiz, okean oqimi. Shamol, harorat o‘zgarishi va sho‘rlanish suvning doimiy aralashishiga olib keladi. Xullas, Atlantika okeanida yer usti shamol oqimi iliq suvni ekvatordan shimolga ko‘chiradi. Shimolda qutb muzi hosil bo‘lgach, sovigan, sho‘rlangan va zichlangan suv massasi pastga cho‘kib, teskari yo‘nalishda, janubga qarab harakatlana boshlaydi. Sovuq chuqur oqimning bir yo‘nalishi yana shimolga yo‘l olishi uchun Antarktida qirg‘og‘i yuzasiga ko‘tariladi, ikkinchisi esa Tinch okeaniga shoshiladi.
Atlantikaning narigi tomonida ahvol qanday?
Kanberra Milliy universitetida Odil Morrison boshchiligidagi avstraliyalik olimlar asr o‘rtalariga kelib, Janubiy yarim sharda okean konveyeri sekinlashadi, degan xulosaga kelishdi. Afsuski, bunga ham asosiy sabab sifatida muz tez erishi ko‘rsatilmoqda. Binobarin, bu holatda harorat sovumaydi, aksincha isib ketadi. AMOC tezligi Antarktida qirg‘og‘ida pasayganda, aylanma qutb oqimining iliq suvi tokchada uzoqroq qolib, muz qatlamini yemiradi. Ya’ni, ijobiy aloqa xalqasi paydo bo‘ladi. Natijada tez o‘sib borayotgan iliq toza suv qatlami chuqurlikdagi og‘ir sovuq vaznni to‘sib qo‘yadi va sirtdagi harorat ko‘tarila boshlaydi. Ya’ni, yarim asrdan so‘ng isish qutbi Arktikadan Antarktidaga ko‘chishi ehtimoli yuqori.
Qisqasi, olimlar avvaliga sentyabr kuzatuv tarixidagi eng issiq oy bo‘ldi, deyishgan edi. Mana endi oktyabrda ham harorat rekord darajaga ko‘tarilgani qayd etildi. Iqlim o‘zgarishi shunchalik tez sur’atda kechmoqdaki, kelgusida ayni salbiy holat bilan bog‘liq rekordlar insoniyatni ajablantirmay qo‘yadiganga o‘xshaydi. Bu esa insoniyat uchun iqlim o‘zgarishiga ko‘nikish, muammoga e’tiborsizlik kabi xavfli tendensiyaga yo‘l ochishi mumkin.
S.Rahimov,
O‘zA