OKMKdagi mega loyihalar jurnalistlar nigohida
OKMK Axborot xizmati hamda Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati hamkorligida jurnalistlar va blogerlar uchun “OKMKda mega loyiha ijrosi” mavzusida press-tur o‘tkazildi.
Dastlabki manzil kombinat ehtiyojlari uchun professional muhandis-texnik xodimlarni qayta tayyorlash maqsadida tashkil etilgan Muhandislik maktabi bo‘ldi. Mazkur maktabni loyihalash Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining o‘quv markazi namunasida amalga oshirilgan.
Bu yerda geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar o‘qitiladi. Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi, “Aurubis” AG va “GP Günter Papenburg” AG kompaniyalarining kadrlarni tayyorlash bo‘yicha dual ta’limga mo‘ljallangan metodologiyalari asosida kombinat mutaxassislari va xorijiy hamkorlar ishtirokida o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan.
– Maktabimizda o‘qiyotgan, tajriba oshirayotgan yoshlarning 98 foizi 3-Mis boyitish fabrikasida ishlamoqda, ikki foizi esa boshqa tarmoq korxonalariga yo‘naltiriladi, – deydi OKMK Muhandislik maktabi direktori Behzod Salimov. – Hozirgi kunda AQSH, Germaniya, Yaponiya, Italiya kabi davlatlardan kelgan professor-o‘qituvchilar ma’ruzalar o‘tadi. Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalar tomonidan ham malakali kadrlarni tayyorlash borasida takliflar bo‘lgan. Joriy yil mart-aprel oylarida Germaniyaning yirik muhandislik kompaniyasi bizga tashrif buyuradi.
Jurnalistlarga muhandislik maktabida yaratilgan sharoitlar, laboratoriyalar, yoshlarga amaliy bilim berish jarayonlari ko‘rsatildi.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilariga “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlaridagi texnologik ishlab chiqarish jarayonlari tanishtirildi. Kombinatning ma’dan zaxiralari “Qalmoqqir”, “Sariq-Cho‘qqi”, “Yoshlik-1” ochiq konlari va 4 ta yerosti konlarida joylashgan. Ushbu mineral xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida zaxiralar “JORC” kodeksi standartlariga muvofiq qayta baholandi hamda konlarning matematik-geologik modeli yaratildi. “Yoshlik-1” koni dunyoda ma’dan tarkibida oltin hajmi bo‘yicha yirik kon, deya tan olingan. Ma’dan tarkibida oltin hajmi bo‘yicha kombinat zaxiralari 1-o‘rinda, mis konlaridagi ma’dan o‘rtacha oltin tarkibi bo‘yicha 2-o‘rin, ma’dan hajmi bo‘yicha 3-o‘rin, tarkibidagi mis hajmi bo‘yicha 6-o‘rinni egallaydi.
– Hozirgi paytda 2030 yilgacha kombinatni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, amalga oshirilmoqda, – deydi “Yoshlik-1” direksiyasi yetakchi loyihachi muhandis Shohruh Salimov. – Uning doirasida “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, yangi metallurgiya majmuasini loyihalashtirish va qurish ishlari boshlanmoqda. Mazkur loyiha O‘zbekiston tarixidagi eng yirik investitsiya loyihalaridan biridir. Uning amalga oshirilishi natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati bir necha barobarga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Karerni qurish bo‘yicha loyiha boshidan buyon 217,1 million kubometr kon yuzasini ochish ishlari bajarildi. Jarayonda 400 ta texnika vositalari ishlamoqda. Uzunligi 4,2 kilometr bo‘lgan magistral konveyerlar ma’danni fabrika xomashyo omboriga tashishga tayyorlandi.
Hududda yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishi ham jadal sur’atlarda davom etmoqda. Shuningdek, texnologik uskunalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. OAV vakillari mazkur jarayonlar bilan ham tanishdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur fabrika 196 gektar yer maydonida barpo etilib umumiy ishlab chiqarish maydoni 136 gektarni tashkil etadi. Fabrika to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda. Uning ishga tushishi natijasida yiliga 60 million tonna mis-molibden ma’danlari qayta ishlanib, qo‘shimcha 894 ming tonna mis konsentrati, shundan, 167 ming tonna mis katodi, 13 tonna oltin hamda 72 tonna kumush va boshqa qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu yirik loyiha turdosh sanoat tarmoqlarining rivojlanishiga ham turtki berdi. Masalan, fabrika qurilishiga metall konstruksiyalar yetkazib berish uchun 6 ta zavod ishga tushirildi.
Press-tur yakunida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev hamda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi Abdulla Hursanov, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, hududda amalga oshirilayotgan mazkur keng ko‘lamdagi sa’y-harakatlardan kutilayotgan natijalar katta. Ma’lumki, 2024 yilning 15 oktyabr kuni Prezidentimizning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi davomida ushbu loyihaning 2-bosqichi doirasida 4-mis boyitish fabrikasi qurilishiga start berilgan edi. Bu loyiha orqali yiliga 146 ming tonna katodli mis va boshqa qimmatbaho metallarni olish quvvatlari yaratiladi. Fabrika va uning infratuzilmalarida 3 mingdan ortiq kishi ishlaydi. Yangi fabrikaning ishlab chiqarish jarayonida yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qo‘llaniladi.
[gallery-22057]
Joriy yil fevral oyida Jizzax viloyati Forish tumanidagi OKMKda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish investitsiyaviy loyihasi doirasida Yangi ohak zavodi qurilishiga start berildi. Shu bilan birga, “Sustainable Fitch” reyting agentiligi tomonidan OKMKga ESG reytingi berildi.
Matbuot anjumani doirasidagi muloqotlarda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Musayev, A.Alijonov, O‘zA