2026 yil boshiga kelib mis jahon bozorida nafaqat sanoat metali, balki davlatlarning iqtisodiy qudratini belgilovchi strategik resurs maqomini to‘laqonli egalladi. Joriy yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, London metall birjasida (LME) mis narxi bir tonna uchun 12 500 – 13 000 dollar atrofida qayd etilmoqda, bu esa o‘tgan davrlarga nisbatan 40 foizlik o‘sishni anglatadi. Dunyo bozorida kutilayotgan 150 ming tonnadan 330 ming tonnagacha bo‘lgan tozalangan mis tanqisligi sharoitida mamlakatimizda tog‘-kon sanoatini rivojlantirish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Shu maqsadda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJda ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan navbatdagi yirik investitsiya loyihasiga start berildi. Xususan, kombinatning 2-Mis boyitish fabrikasida ma’danlarni qayta ishlash quvvatini yillik 5 million tonnaga oshirish maqsadida yangi boyitish majmuasi barpo etilmoqda. Umumiy maydoni 3,1 gektarni tashkil etuvchi ushbu ob’ekt qurilishi “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Loyiha doirasida Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida tayyorlangan zamonaviy texnologik uskunalar o‘rnatilib, maydalash, yanchish, flotatsiya va quyultirish kabi murakkab texnologik jarayonlar to‘liq mahalliylashtirish asosida yo‘lga qo‘yilmoqda.
“Yoshlik-I” koni ma’danini qayta ishlashga ixtisoslashgan mazkur majmua faoliyati natijasida yiliga qo‘shimcha 74,2 ming tonna konsentrat olinishiga erishiladi. Bu esa o‘z navbatida mis katodi bilan bir qatorda oltin va kumush kabi qimmatbaho metallar ishlab chiqarish hajmining sezilarli darajada oshishini ta’minlaydi. Loyihaning to‘liq quvvat bilan ishga tushirilishi 600 ta yangi ish o‘rni yaratish, byudjetga to‘lovlar miqdorini ko‘paytirish va 2-Mis boyitish fabrikasining umumiy ishlab chiqarish quvvatini 10 million tonnaga yetkazish imkonini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, jahon bozoridagi qulay kon’yunktura va yangi quvvatlarning uyg‘unlashuvi mamlakatimizning eksport salohiyatini yuksaltirish va iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
OKMK Axborot xizmati