Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish loyihasi doirasida kon va uning texnika majmuasini tashqi elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida yana bir zamonaviy raqamlashtirilgan texnologik podstansiya barpo etilmoqda.
Mutaxassislarga ko‘ra, ushbu podstansiya 110/35/6 kV kuchlanishga ega bo‘lib, bu yerga elektr energiyasi “Qoraqiyasoy” va “Adolat” podstansiyalaridan havo liniyalar orqali uzatiladi. Podstansiyada 2 ta quvvati 63 MVA bo‘lgan zamonaviy transformatorlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular yordamida 110 kV elektr energiyasi 35,6 kV kuchlanishga pasaytirilib, “Yoshlik-1” konidagi kon-texnika majmuasini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlab beradi.
Bundan tashqari, podstansiyaga quyosh foto elektr stansiyasi ham o‘rnatilgan bo‘lib, quvvati 30 kVt bo‘lgan quyosh panellari mazkur ob’ektning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondiradi va elektr tejamkorligini ta’minlaydi. Shuningdek, ushbu ob’ektga xorijiy ishlab chiqaruvchilar hamda elektr energetikasining yirik gigantlarining 6,35 va 110 kVli o‘chirgichlari, tok va kuchlanishli transformatorlari o‘rnatildi.
Podstansiya avtomatika va rele himoyali bloklari, avariyaga qarshi avtomatika, avtomatlashtirilgan masofaviy boshqaruv tizimi, ma’lumotlarni yig‘ish va uzatish dispetcherlik boshqaruv tizimi bilan jihozlandi.
Podstansiyaning barcha metall konstruksiyalari va beton buyumlari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan. Mazkur ob’ektda bugungi kunda pudrat tashkiloti tomonidan qurilish-montaj ishlari qizg‘in pallada. Uskunalarni sinovdan o‘tkazish va ishga tushirish ishlari davom ettirilmoqda.
OKMK Axborot xizmati
O‘zA