Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Markaziy apparatida o‘tgan yil amalga oshirilgan ishlar va 2026 yilda bajariladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda kombinat rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda OKMK boshqaruv raisi Abdulla Hursanov 2025 yilda kombinat mehnat jamoasi tomonidan barcha belgilangan ishlab chiqarish prognozlari bajarilganini ta’kidladi. Jumladan, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 51 trillion so‘mdan oshib, reja 119 foizga ado etilgani qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan to‘qqiz yillik davr solishtiriladigan bo‘lsa, 2025 yilda 2016 yilga nisbatan mis ishlab chiqarish 140 foizga oshgan. Shuningdek, A.Hursanov o‘z so‘zida belgilangan vazifalar bajarilishi barobarida kombinatda investitsiya loyihalarining ham jadal sur’atlarda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Jumladan, 3-Mis boyitish fabrikasida 2025 yilning 27 mart kuni birinchi konsentrat olingani, mazkur fabrikaning 1-liniyasi ishga tushirilib, mis konsentrati Mis eritish zavodiga yetkazib berilayotgani aytib o‘tildi. Bundan tashqari, 2025 yilda Ohak zavodida bitta aylanma pech, Mis eritish zavodi Nodir metallar ishlab chiqarish sexida ikkita aylanma pech foydalanishga topshirildi. Yangi portlovchi moddalar zavodi qurilib, ishga tushirildi.
Yig‘ilish davomida boshlangan 2026 yilda ham kombinat mehnat jamoasi tomonidan barcha ishlab chiqarish vazifalarining bajarilishi ta’minlanishi, 3-Mis boyitish fabrikasining texnologik liniyalarini to‘liq quvvatga chiqarish, Rux zavodining 6-Sulfat kislota sexi va Kovuldi koni ma’danlarini qayta ishlovchi Oltin saralash fabrikasini foydalanishga topshirilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, yangi Mis eritish zavodi qurilishini jadal sur’atlarda boshlash, quvvati 60 million tonna ma’danni qayta ishlash bo‘lgan 4-Mis boyitish fabrikasi qurilishi davom etishi, Jizzax viloyatida quvvati 737 ming tonna ohak ishlab chiqaradigan Ohak zavodi qurilishi hamda 2-Mis boyitish fabrikasida ma’danni qayta ishlash quvvatlarini 5 million tonnaga oshirish ishlari boshlanishi haqida so‘z bordi.
Yig‘ilish davomida mutasaddilarga ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli tartibda vazifalar yuklatildi. Kombinatning har bir ishchi-xodimi o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashsa barcha ko‘zlangan natijalarga erishish aytildi.
A.Musayev, O‘zA.