Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasi doirasida Emulsion portlatish materiallari zavodi qurib foydalanishga topshirildi. Mazkur ishlab chiqarish quvvatining ochilish tadbirida “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov, kombinat tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.


Tadbirda so‘z olgan Abdulla Xursanov mazkur ishlab chiqarish quvvatining investitsiya loyihalarini amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etishini, zavod zamonaviy standartlar asosida barpo etilganini ta’kidladi. Tadbir davomida zavod qurilishida faol bo‘lgan bir guruh mutaxassis va quruvchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi. Mehnat faxriylari tomonidan ramziy lenta qirqilib, zavod rasman o‘z faoliyatini boshladi.
Qalmoqqir va “Yoshlik-1” konlarida tasdiqlangan reja asosida portlatish ishlarini bajarish maqsadida barpo etilgan yangi zavod zamonaviy standartlarga javob beradigan, universal ko‘rinishdagi, mahalliy komponentlardan foydalangan holda mahsulot ishlab chiqaradi. Quvvati yiliga 90 ming tonna emulsion portlovchi moddalarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi zavod qurilishida ishlab chiqarish jarayonlarini har bir bosqichida xalqaro va mahalliy xavfsizlik standartlari qat’iy bajarilishi ta’minlangan.


Yangi barpo etilgan zavod ekologik xavfsiz bo‘lib, chiqindilarni nazorat qilish, energiya samaradorligini oshirish va xalqaro ekologik standartlarga javob beradi. Yana bir muhim jihat zavoddagi ishlab chiqarish jarayonidan hosil bo‘lgan texnik suvdan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun tozalash inshooti ham barpo etilgan bo‘lib, ushbu inshootda bir kecha kunduzda 25 kub suv qayta ishlanib, tozalanadi va yana ishlab chiqarish jarayoniga yuboriladi. Avvallari ishlab chiqarish jarayonidan so‘ng chiqqan suv hovuzga tashlanar edi. Mazkur texnologiya suv resurslarini tejashda hamda mahsulot ishlab chiqarish tannarxini tushirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Zavodda yashil energetikadan foydalanish maqsadida quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etildi. Ushbu stansiya maishiy-ma’muriy binoning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondiradi. E’tiborlisi, zavodda raqamlashtirish keng joriy etilgani yuqori xavfsizlikni ta’minlaydi, inson omilisiz ishlab chiqarish amalga oshiriladi. Har bir bosqich nazorati monitor orqali bajariladi. Zavod qurilishi kombinatning o‘z kuchlari evaziga bajarildi. Xususan, qurilish ishlari kombinatning “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi hamda pudrat tashkiloti tomonidan amalga oshirildi. Mazkur loyihaning qiymati 81 milliard so‘mni tashkil etadi.

Ushbu zavodning qurilishi natijasida 68 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Tadbir davomida ishtirokchilar zavod faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Ma’lumot uchun: 1997 yil OKMK tarkibida birinchi emulsion portlatish mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi barpo etilgan. Foydalanishga topshirilgan zavod kombinat tarkibidagi ikkinchi korxona hisoblanadi.
OKMK Axborot xizmati