Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Rux zavodi mehnat jamoasi tomonidan kadmiy metalli va rux kuporosi ishlab chiqarish bo‘yicha yillik prognoz rejasi muddatidan avval bajarishga muvaffaq bo‘ldi.
E’tiborlisi, kadmiy metalli bo‘yicha prognoz 157,2 foizga, rux kuporosi ishlab chiqarish vazifasi esa 182 foizga bajarildi. Rux zavodining ushbu mahsulotlari Hindiston va Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinadi. Shuningdek, rux kuporosidan Xondiza kon boshqarmasida reagent sifatida foydalaniladi.

Aytish joizki, kadmiy metalli tabiatda nisbatan kam tarqalgan bo‘lib, asosan rux rudasida (masalan, sfaleritda) qo‘shimcha element sifatida uchraydi. Sanoatda ham kadmiy rux ishlab chiqarish jarayonida qo‘shimcha mahsulot sifatida olinadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kadmiy elektrotexnika, mashinasozlik uchun qotishmalar ishlab chiqarishda, metallarga korroziyaga qarshi qoplamalar qoplashda, atom sanoatida va noorganik bo‘yoq moddalar ishlab chiqarishda ishlatiladi. Rux kuporosi esa vickoza, mineral bo‘yoqlar, glazur ishlab chiqarishda, metallurgiyada (flotoreagent), tibbiyotda, qishloq xo‘jaligida, energiyaning kimyoviy manbalari bo‘lgan akkumulyatorlarda ishlatiladi.
A.Musayev, O‘zA.