Bugungi kunda OKMK nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo metallurgiya sanoatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yirik gigantga aylanib bormoqda. Bunday yuksalish zamirida esa xorijiy tillarni bilish kombinat mutaxassislariga ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi.
Xususan, OKMKga kelgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi mas’ul xodimlari va “World Learning” tashkiloti mutaxassislari hamda kombinat mas’ullari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ham kelgusida kombinat mutaxassislarini ingliz tiliga o‘qitish masalalari muhokama etildi.
Mazkur uchrashuvda tog‘-kon va metallurgiya sohasidagi xodimlarini 5 bosqichli “MOOS” platformasi asosida bepul ingliz tiliga o‘qitish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Ta’kidlanishicha, mazkur platforma qulayligi tog‘-kon va metallurgiya sohasidagi terminologiya, muloqot-bahslar o‘rgatilishi hamda barcha darslar onlayn bo‘lib, ishlab chiqarishga ta’sir ko‘rsatmagan holda shug‘ullanishi mumkin va yakunda maxsus sertifikat beriladi.
Mazkur platforma joriy yil 15 fevraldan kombinat ishchi-xodimlari uchun ochiladi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, uchrashuv davomida AQSHning tog‘-kon va metallurgiya sohasida muhandislar tayyorlaydigan Kolorado konchilik universiteti (MINES) hamda shu kabi Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish, oliygohning professor-o‘qituvchilari ishtirokida kombinat soha mutaxassislari uchun seminar-trening o‘quv kurslarini tashkil etishga kelishib olindi. Shuningdek, elchixona tomonidan kombinatga tegishli sohalar bo‘yicha AQSHdan ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni qisqa muddatga tajriba almashish uchun jalb qilish imkoniyatlari ta’kidlab o‘tildi.
A. Musayev, O‘zA.