Obod yurtning fayzi, tarovati o‘zgacha bo‘ladi. Zotan, ozodalik, poklik, saranjom va sarishtalik yurtimizning yanada ko‘rkam bo‘lishiga zamin yaratadi. Bunda xalqimizning yillar davomida shakllangan ezgu qadriyati – hashar muhim o‘rin tutadi.
16-18-mart kunlari butun mamlakatimiz bo‘ylab umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda. “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tayotgan hasharda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi- xodimlari ham faol ishtirok etmoqda. 16-17-mart kunlari tashkil etilgan xayriya hasharida kombinat ishchi-xodimlari tomonidan tarkibiy bo‘linmalar hududlari, Olmaliq shahrining biriktirilgan mahalla va ko‘chalari, qabristonlar obodonlashtirildi.
Jumladan, ikki kun davomida 377 ming metr kvadrat hudud tozalanib, 401 tonna chiqindi olib chiqildi. Ariq-zovurlar tozalanib, 137 ta maxsus texnikalar hasharga jalb etildi. Shuningdek, 27045 dona daraxtlar oqlanib 6180 tup daraxtlarga shakl berildi. Bundan tashqari, 37 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning xonadonlarida ham obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Xayriya hashari davom etmoqda.
OKMK Axborot xizmati