Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan O‘zbekiston taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat ega “Yoshlik 1 konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega 3-Mis boyitish fabrikasi bunyod etilmoqda.
MDH davlatlarida yagona bo‘lgan 3-Mis boyitish fabrikasi ob’ektini loyihalash ishlari uchun “Wood” (Italiya) kompaniyasi, loyiha hujjatlarini tekshirish va qabul qilish uchun “Technip Energies” (Buyuk Britaniya) hamda qurilishda texnik nazoratini amalga oshirish uchun “WorleyParsons Uzbekistan Engineering” kompaniyalari jalb etilgan.
Ayni kunlarda qurilish ishlariga 12 mingdan ziyod quruvchi va 1200 maxsus texnika jalb qilingan. Quruvchi kompaniya tomonidan maydalash uskunalari poydevori va binolar poydevori, kichik holda maydalash uskunasi poydevori, ma’dan tayyorlash uskunasi poydevori, tayanch devorlar flotatsiyalash uskunasi poydevori, quruq holda g‘alvirdan o‘tkazish binosi, yirik ma’dan saqlash ombori qurilishi yakuniga yetkazildi.
Shu kunlarda quruvchilar yirik hajmdagi 7,3 x 13 metrli sharli tegirmonlarni o‘rnatmoqda. Jami shunday tegirmonlardan 12 ta o‘rnatiladi. Sharli tegirmonlar uchun “ABB Switzerland Ltd” kompaniyasining 12 komplekt elektr dvigatellar va 14 komplekt transformatorlar, CEMTEC (Germaniya) kompaniyasining 12 komplekt gidrostatik podshipniklari va 12 komplekt tishli tojlar, NAIPU (Xitoy) kompaniyasining 12 komplekt silindrik butaralari, flotatsiya mashinalari uchun Thyssenkrupp (Germaniya) kompaniyasining 7 komplekt reduktorlari va 6 komplekt dvigatellari hamda Metso Outotec (Finlyandiya) kompaniyasining 7 komplekt reduktorlari va 6 komplekt elektr dvigatellari yetkazib berilgan.
Parallel ravishda fabrikaning infratuzilma ob’ektlarida ham ish qizg‘in. Ushbu ob’ektlarni qurilish ishlariga qo‘shimcha ravishda yana 4 mingga yaqin ishchilar jalb etilgan. Qoldiqlarni saqlash xo‘jaligida to‘g‘on poydevorini qurish bo‘yicha 7,5 million m3 tuproq ishlari bajarildi. Suv ta’minoti ob’ektlarini qurish bo‘yicha 71 ta (jami 114 ta) quduqni burg‘ilash ishlari ham yakuniga yetkazildi.
Shuningdek, fabrikani 650 Megavatt quvvatga ega tashqi elektr ta’minoti ob’ekti qurilishi ham nihoyasiga yetdi. Shuningdek, 500 kV raqamli podstansiyasida qurilish-montaj ishlari va asosiy uskunalarni yetkazib berish ham yakuniga yetkazildi.
E’tiborlisi, yangi mis boyitish fabrikasining barcha texnologik jarayonlari to‘liq zamonaviy uskunalar yordamida avtomatlashtirilgan bo‘ladi. Bu inson omilining texnologik jarayonlarga ta’sirini kamaytirib, mahsulot sifatini yaxshilaydi, mehnat sifatini oshiradi, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni kamaytiradi. Va muhimi, mazkur ob’ekt ishga tushirilishi natijasida 6 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishi davom etayotgan bir pallada 4-Mis boyitish fabrikasini loyihalash ishlari ham boshlab yuborildi.
OKMK Axborot xizmati,
O‘zA