“Olmaliq kon metallurgiya kombinatining Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan “Burg‘ilash toji, burg‘ilash keskichlari ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida qurilish-montaj ishlari yakunlandi. 2023 yilda 100 ming dollar miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi. Umumiy qiymati 4,7 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida 10 dona texnologik asbob-uskunalar xarid qilinib ishga tushirildi. Ta’kidlash lozimki, mazkur loyihaning amalga oshirilishi yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish, kombinat va ichki bozor ehtiyojlarini qoplash imkonini beradi.
Mahsulot ishlab chiqarishning yillik o‘sishi 2,6 milliard so‘mni tashkil etadi. Ishlab chiqariladigan burg‘ilash toji va burg‘ilash keskichlari asosan ochiq va yopiq konlarda ishlatiladi. Hozirgi kunda ilk mahsulotlar ishlab chiqarish boshlandi. Shuningdek, diametri 76mm va 110mm bo‘lgan burg‘ilash tojlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ishlari olib borilmoqda. Yiliga 2 ming dona mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu mahsulotlarning ichki bozorda iste’molchilari asosan “Navoiy KMK” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ, “O‘zbekneftgaz” AJ kabi korxonalar sanaladi. 2024 yilning yakuniga qadar bu loyiha to‘liq quvvat bilan ishlashi ko‘zda tutilgan.
OKMK matbuot xizmati