Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida joriy yilning birinchi choragida belgilangan eksport hajmi ortig‘i bilan bajarildi.
Hisobot davrida OKMK tomonidan 239 million 155 ming dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, reja 155,3 foizga bajarildi.
Mahsulotlar kesimida olib qaraydigan bo‘lsak, 17 ming 978 tonna mis mahsulotlari eksport qilingan
. Shu jumladan,16 ming 845 tonna mis katodi importyorlarga yuborilgan. Bundan tashqari, 1134 tonna mis quvurlari xorijlik hamkorlarga yetkazilgan. Shuningdek, 14122 tonna rux mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan.
Qurilishda keng qo‘llaniladigan sement eksportida ham salmoqli natija qayd etildi. Xorijlik hamkorlarga 57 ming 335 tonna sement yuborilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 205,1 foizlik o‘sishga erishildi. Molibden mahsulotlari eksportida ham yuqori natija kuzatilmoqda.
Bu yo‘nalishda reja 173,9 foizga bajarilib, 209 tonna mahsulot xaridorlarga yetkazib berilgan. Bundan tashqari, 7931 tonna qo‘rg‘oshin konsentrati ham eksport qilingan.
Hozirgi kunda kombinat mahsulotlarining eksport geografiyasi Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Bolgariya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Ukraina, Polsha, Tojikiston, Indoneziya, Niderlandiya, Xitoy, Turkmaniston, Afg‘oniston kabi davlatlarni qamrab olgan.
OKMK Axborot xizmati
O‘zA