Toshkent viloyatidagi Chirchiq industrial texnoparkida joriy yil 4-5 avgust kunlari hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham qatnashmoqda.
Aytish joizki, 2021 yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida "Olmaliq KMK"da 87 ta loyiha bo‘yicha 161,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish belgilangan bo‘lsa, amalda 217,2 milliard so‘mlik mahsulot bozorga chiqarildi. Reja 134,5 foizga bajarilgan.
“Olmaliq KMK” AJda joriy yilda 97 ta loyiha doirasida 208,7 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, joriy yilda mahalliylashtirish Dasturiga muvofiq 21 ta yangi turdagi loyihalar bo‘yicha 25,2 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida mahalliylashtirish Dasturi doirasida rejalashtirilgan 102 ta loyiha bo‘yicha hajmi 129,2 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 162 milliard so‘mlik ish bajarilgan. Barcha loyihalar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari bajarishga erishildi va 516,3 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.
bugungi kunda 32 ta yangi turdagi loyihalar bo‘yicha 31,6 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Qattiq qotishmali mahsulotlar – sverlo va frezalar, tosh maydalash tegirmoni qoplamasi, yuqori haroratga chidamli keramik mahsulotlar, volfram angidridi, yanchish uskunasining zirxlari, quyma mahsulotlar shular jumlasidandir.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida mahalliylashtirish Dasturida rejalashtirilgan 104 ta loyiha bo‘yicha hajmi 171,3 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan. Amalda 204,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Joriy yil yakuni bo‘yicha import o‘rnini bosish samaradorligi 24,5 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
– Kombinat tomonidan tarmoqlararo sanoat yarmarkasi doirasida 2022 yilda kooperatsiya shartnomalari hajmini 560 milliard so‘mdan 900 milliard so‘mgacha (ya’ni 160%) oshirish rejalashtirilgan, – deydi Boshqaruv raisining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari v.b. Kamol Ismayilov. – Joriy yilning 7 oyida yangi 28 turdagi 184,9 milliard so‘mlik avval mamlakatimizda ishlab chiqarilmagan mahsulotlarni o‘zlashtirish orqali xarid shartnomalari tuzildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda olib borilgan ishlar natijasida avval import qilingan 130 turdagi mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘zlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Jumladan, yarmarka doirasida “Toshkent mexanika quyuv zavodi” AJ bilan 72 turdagi, “Inter texno prom” MCHJ bilan 8 xil, “Apiteks” MCHJ korxonasi bilan 10 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Bundan tashqari, “Andijon mexanika zavodi” SHK bilan 25 milliard so‘mlik memorandum imzolanishi kutilmoqda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yarmarka davomida barcha tadbirkorlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni o‘zaro hamkorlik asosida ishlash bo‘yicha barcha takliflarini ko‘rib chiqishga tayyor va yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha amaliy takliflarini qo‘llab quvvatlaydi.
OKMK Axborot xizmati
O‘zA