Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bir qator investitsiyaviy loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasini ishga tushirish ishlari jadal davom etmoqda. Loyiha doirasida “Yoshlik-1” koni uchun bir qator zamonaviy texnologik kon transport vositalari olib kelinmoqda.
Kuni kecha “Yoshlik-1” koniga ikkita KRANTAS NMT 240 rusumli avtosamosval olib kelindi. Bu yilning o‘zida yana 3 dona shunday avtogigant olib kelinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu samosvallarning yuk ko‘tarish quvvati 240 tonnani tashkil etib, transport vositasi to‘liq takomillashtirilgan. E’tiborlisi, ushbu avtosamosvallar mahalliylashtirish dasturi asosida "NURAFSHON-MAXSUS-TEXNIKA" MCHJda ishlab chiqarilmoqda. Ushbu zamonaviy avtogigantlar hozirda kombinatning texnoparkida yig‘ilmoqda.
Mazkur avtosamosvallardan foydalanish bo‘yicha 25 nafar malakali haydovchilarni o‘qitish ishlari ham tashkil etilgan. Shuningdek, 2023 yilning oxirida OKMKga 6 dona maxsus LGMGMS25 rusumli suv sepish transport vositalari ham keltirildi. Ushbu transport vositalaridan kon yo‘llariga suv sepib changni bostirishda foydalaniladi. Bundan tashqari, 2 dona shina o‘rnatadigan manipulyatorlar ham olindi. Manipulyatorlar avtogigantlarning ta’mirlash jarayonini sifatli amalga oshirilishini ta’minlaydi. Bundan tashqari, kombinatga 60 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega avtokran olib kelindi. Ushbu avtokran poytaxtimizdagi “Krantas” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning afzalligi ikkita avtokranning o‘rnini bosadi.
Ma’lumot uchun: 2020-2021 yillarda “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish investitsiyaviy loyihasi” doirasida 31ta 220 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan “BelAZ” rusumli avtosamosvallar keltirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy transport vositalari ish unumdorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
OKMK matbuot xizmati