Bugungi kunda global iqtisodiyotda energiya resurslarining qadri tobora ortib bormoqda. Sanoatning yetakchi korxonalari, xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati uchun energiya samaradorligini oshirish nafaqat xarajatlarni kamaytirish, balki mahsulot raqobatbardoshligini ta’minlashning bosh omilidir. Bu borada kombinatda energiya sarfini optimallashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan strategik islohotlar va ularning iqtisodiy natijadorligi bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir kilovatt-soat energiyaning ortida mashaqqatli mehnat va katta xarajat yotadi. OKMKdek gigant korxonada energiya resurslaridan oqilona foydalanish ishlab chiqarish zanjirining eng muhim bo‘g‘iniga aylangan. Kombinatda energiya tejamkorligi bo‘yicha qanday natijalarga erishildi va oldinda bizni qanday marralar kutmoqda? Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha raqamlar va faktlar tahliliga nazar solamiz.
O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 7 avgustdagi "Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi 940-sonli Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 19 oktyabrdagi "Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilari hamda bino va inshootlarning energiya iste’molini energiya auditidan o‘tkazish tartibini belgilash to‘g‘risida"gi 690-sonli qaroriga muvofiq, "Olmaliq KMK" AJda 2025 yil dekabr oyida bir qator tarkibiy bo‘linmalarida o‘tkazilgan energiya tekshiruvi (energiya auditi) yakunlandi.
Jumladan, energiya auditi 2-Mis boyitish fabrikasi, Rux zavodi, Ohak zavodi, Elektr tarmoqlari boshqarmasi, Sanoat suv ta’minoti boshqarmasi, Angren kon boshqarmasi, Chodak kon boshqarmasi, Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi, Avtomobil transporti boshqarmasi, Texnologik transport boshqarmasi, Kovuldi koni va "Xondiza" kon boshqarmasi kabi korxonalarda energiya tekshiruvi (energiya auditi) o‘z nihoyasiga yetdi.
Mazkur energiya auditi "Olmaliq KMK" AJ va "Sredazsvetmetenergo" AJning «TPNSU» UK o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan 2024-2025 yillarda o‘tkazildi. Kombinat korxonalarida energiya auditini o‘tkazishdan asosiy ko‘zlangan maqsad barcha o‘rganilgan korxonalarda yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanish samaradorligini baholash, ulardan foydalanishdagi qoidabuzarliklarning sabablarini ochib berish, yoqilg‘i-energetika resurslari sarfining haqiqiy solishtirma miqdorlarini aniqlashdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, mavjud tejash zahiralarini aniqlash, texnik va tashkiliy energiya tejash chora-tadbirlari dasturlarini ishlab chiqish, prognoz qilingan tejamkorlikni natura va pul ko‘rinishida ko‘rsatish, rejalashtirilgan chora-tadbirlarning dastlabki qiymatini aniqlash ham energiya auditning bosh maqsadi bo‘ldi.
O‘tkazilgan energetik tekshiruv natijalariga ko‘ra, yuqori malakali auditorlar tomonidan korxonalarning energiyatejamkorligini oshirish va elektr energiyasi, issiqlik, tabiiy gaz va sanoat suvi xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. Ushbu dastur 52 ta tadbirdan iborat bo‘lib, unda bir qator muhim masalalar o‘rin olgan.
Xususan, dasturda fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish orqali korxonalarning o‘z ehtiyojlari uchun "yashil" elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan tadbirlar, har bir korxonada energiyani texnik hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, iste’mol paytida elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish uchun reaktiv quvvatni kompensatsiyalash qurilmalarini (RQKQ) joriy etish belgilangan.
Bundan tashqari, elektr energiyasi ko‘p sarflanadigan uchastkalarda yanada zamonaviy va energiya tejaydigan uskunalarni,(Rux zavodining velslash sexining aylanma va kuydirish pechlarida gaz gorelkalari, barcha bo‘linmalarda eskirgan energiya iste’mol qiluvchi uskunalarni modernizatsiya qilish), ma’muriy-maishiy binolarda energiya tejash tadbirlarini kompleks joriy etish dasturdagi tadbirlardan o‘rin olgan.
Shuningdek, ortiqcha issiqlikni utilizatsiya qilishda elektr energiyasi ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Energiya tejash chora-tadbirlarini amalga oshirish dasturi uzoq muddatli davrga va 2030 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, uning natijasida energiya resurslari iste’moli sezilarli darajada kamayadi.
Shu jumladan, hozirgi kunda kombinatning 80 ta ob’ektida o‘rnatilgan fotoelektr stansiyalarining umumiy quvvati 7 344 kVtni tashkil etadi. Mazkur fotoelektr stansiyalari tomonidan 2025 yil davomida jami 6,4 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Ma’lumot uchun: OKMKda amalga oshirilayotgan tejamkorlik siyosati natijasida 2025 yilda - 143,9 mln kVt soat elektr energiyasi hamda 16,7 mln kub.m tabiiy gaz iqtisodiga erishildi.
Energiya sarfi yuqori bo‘lgan korxona sifatida OKMK energiya resurslaridan oqilona foydalanish, texnologik jarayonlarni doimiy ravishda takomillashtirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, energiya resurslari sarfining solishtirma me’yorlarini kamaytirish orqali energiya samaradorligini doimiy ravishda oshirishga intiladi. Bu esa kelgusida kombinatga ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini sezilarli darajada kamaytirish, shuningdek, mamlakatimiz rangli metallurgiyasining yetakchisi va bayroqdori sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Davron DOSMETOV,
OKMK Energetika xizmati departamenti boshlig‘i