Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti borasida o‘tgan 7 oyda prognozlar bajarildi. Jumladan, 354 682 000 dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi. Belgilangan reja 113,6 foizga bajarildi.
Mahsulotlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, 29759 tonna mis, 15157 tonna rux mahsulotlari xorijlik importyorlarga yuborilgan. Shuningdek, rux kuporosi, mis kuporosi, reniy, kadmiy, palladiy kukuni, molibden mahsulotlari, qo‘rg‘oshin konsentrati kabi mahsulotlarning eksportida belgilangan prognozlar bajarilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda xom ashyodan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yurtimizda qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish jadal rivojlanishi oqibatida ichki bozorda misga bo‘lgan talab kundan-kunga oshmoqda. Shuningdek, kombinatda qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumot uchun: yildan yilga eksport geografiyasi kengayib bormoqda. Hozirda kombinat mahsulotlari 19 ta davlatga eksport qilinmoqda. 2024 yildan yangi bozorlar o‘zlashtirildi. Jumladan, joriy yildan boshlab Gvineya, Senegal, Serbiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Marokash, Portugaliya kabi davlatlarga mis katankasi va mis kuporosi eksporti amalga oshirilyapti.
OKMK axborot xizmati