“Okean” sportchisi okean ortida porladi!
Yaqinda AQSHning Texas shtatida bo‘lib o‘tgan suv sporti bo‘yicha “Toyota U.S. Open Championships” xalqaro musobaqasi mamlakatimiz vakili uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nufuzli turnirning dastlabki kunidayoq bahslarga kirishgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Namangan viloyatining Davlatobod tumanida joylashgan Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli “Okean” suv sporti saroyi sportchisi Ilya Sibirsev 1 ming 500 metr erkin usulda suzish bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi. U keyinchalik 800 metr erkin usulda suzish bahsida kumush medalga ham ega chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, namanganlik Ilya Sibirsev joriy yilning noyabr oyida Saudiya Arabistonning Ar-Riyod shahri mezbonlik qilgan VI Islom birdamlik o‘yinlarida bitta oltin va ikkita kumush medalga sazovor bo‘lgan edi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.