1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni
Odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV), orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) hamon ko‘plab mamlakatlarda aholi salomatligi uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda. Kasallikni davolash borasida erishilayotgan yutuqlarga qaramay, muammo to‘liq hal qilinmagan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 1983 yildan boshlab dunyoda 85,6 millionga yaqin odam OIV/OITS bilan kasallangan va ulardan 40,4 millionga yaqini ushbu virus keltirib chiqaradigan kasalliklardan vafot etgan. 39,9 million dan ortiq OIV bilan yashovchi shaxslarning 53 foizini ayollar (qizlar) tashkil etgan.
Afsuski, O‘zbekistonda ham so‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, 51 mingga yaqin OIV infeksiyasi bilan kasallanganlar aniqlangan. Ularning 55 foizi erkaklar, 45 foizi ayollardir. Aksariyati 30-49 yoshdagi insonlardan iborat (55 foiz). Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda 75-80 foiz holatda jinsiy muloqot orqali OIVni yuqtirib olish qayd etilmoqda.
Ushbu virus bilan yashovchilarga qanday davo muolajalari qo‘llaniladi? Ularning ijtimoiy himoyasi taminlanganmi? OIV va OITS o‘rtasidagi farq nimada? Respublika OITSga qarshi kurashish markazi bo‘lim boshlig‘i Shoakbar Anvarovdan shu kabi savollarga javob oldik.
– OIV – Odam immuntanqisligi virusi bo‘lib, u inson immunitet tizimiga hujum qiluvchi virusdir. Ushbu virus immunitet tizimining pasayishiga olib keladi, natijada organizmda immunitet tanqisligi paydo bo‘ladi hamda odam organizmining infeksiyalar va kasalliklarga qarshi kurashishi zaiflashadi.
Immun tanqisligi holati – bu immun tizimining kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati pasaygan va zaiflashgan holati. Bunday holatdagi odamlar turli xil infeksiyalar va saraton kasalliklariga nisbatan ancha sezgir bo‘lib, bu kasalliklar odatda immun tizimi kuchli odamlarda deyarli uchramaydi. Ushbu kasalliklar «opportunistik infeksiyalar» (qo‘shimcha, yondosh, ikkilamchi tarzda rivojlanuvchi) deb ataladi, chunki ular zaiflashgan immun tizimi hisobiga rivojlanish imkoniyatini topadi.
OITS — Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi, bu OIV infeksiyasining oxirgi bosqichidir. OITS yuqmaydi. «OITS» atamasi OIV infeksiyasining oxirgi bosqichlariga nisbatan ishlatiladi. Davolanmaslik (dori preparatlarini o‘z vaqtida muntazam qabul qilmaslik va dori vositalariga sodiq bo‘lmaslik) oqibatida ko‘pchilik OIV yuqtirib olgan odamlarda OITS belgilari 8-10 yil davomida yuzaga keladi, ba’zida bu muddat uzoqroq yoki qisqaroq bo‘lishi ham mumkin. Retrovirusga qarshi davo esa infeksiyani nazorat qilib, OITS bosqichiga o‘tishning oldini oladi hamda virus yuklamasini pasaytiradi. Immunitetni himoyalaydi.
– OIV qanday yuqadi?
– OIV virusi qon, jinsiy suyuqliklar va ona suti kabi biologik suyuqliklarda uchraydi. OIV uch xil yo‘l bilan yuqadi. Himoyalanmagan jinsiy aloqa orqali. Qon orqali – OIV bilan yashaydigan odamning qonini quyish, giyohvand moddalarni in’eksiya orqali umumiy shpritslar orqali qabul qilishda yoki teri butunligi buziladigan tibbiy yoki notibbiy muolajalarda nostril buyumlardan foydalanganda, ya’ni dezinfeksiya va sterilizatsiya talablariga rioya etmaganda. Onadan bolaga – homiladorlik, tug‘uruq yoki ko‘krak suti bilan emizish orqali.
– Qaysi holatlarda OIV yuqmaydi?
– OIV ish, o‘qish va jamoat joylarida hamda quyidagi holatlarda yuqmaydi: havo-tomchi yo‘li orqali; quchoqlashish yoki qo‘l berib salomlashganda; o‘pishish, yo‘tal va aksirish orqali; chivin va boshqa hasharotlar chaqishi orqali; umumiy hojatxona, basseyn va hammomlarda; ovqatlanish uchun bitta idishlar va boshqa umumiy uy-ro‘zg‘or buyumlaridan foydalanganda.
– OIVni yuqtirib olgan odam qancha vaqt yashay oladi?
– O‘z vaqtida va muntazam Retrovirusga qarshi terapiya qabul qilish orqali OIV bilan yashayotgan odamlar uzoq va sog‘lom hayot kechirishi mumkin. Bugungi kunda 70-80 yoshdan oshganlar bor.
– Odamda OIV borligini tashqi ko‘rinish orqali aniqlash mumkinmi?
– Yo‘q, tashqi ko‘rinishga qarab odam OIV yuqtirib olganligini aniqlab bo‘lmaydi (erta bosqichlarda alohida klinik belgilar kuzatilmaydi). Organizmda OIV borligini aniqlashning yagona yo‘li – OIVga test topshirishdir.
OIVning kech bosqichlaridagina alohida klinik belgilar namoyon bo‘ladi, bular: sababsiz haftalab, hatto oylab ich ketishi — diareya, haftalab tana haroratining ko‘tarilishi, og‘iz bo‘shlig‘i va jinsiy a’zolar atrofida turli zamburug‘li va gerpetik toshmalar paydo bo‘lishi, o‘pkada sil va pnevmosist pnevmoniya rivojlanishi — OIVning kech bosqichlarida immun tizim zaiflashishi va erta bosqichda OIVga qon namunasi topshirmaslik hisobiga rivojlanadi.
– OIV-testi nima? Undan qachon, qanday hollarda foydalanish mumkin?
– OIV testi – odam OIV yuqtirib olganligini aniqlash uchun olib boriladigan tahlildir. OIV virusini qon yoki so‘lak orqali namuna topshirish orqali aniqlash mumkin.
OIVga test topshirishning afzalliklari shundaki, agar odam OIVni yuqtirib olgan bo‘lsa, virusni ertaroq aniqlash va o‘z vaqtida retrovirusga qarshi terapiyani boshlash – immunitetni yaxshilashga imkon beradi. Shuningdek, boshqalarga yuqtirmaslik uchun choralarni qo‘llaydi hamda OIV infeksiyasi tarqalishining oldini oladi.
O‘zbekistonda OIVga namuna testini Respublika va viloyat OITSga qarshi kurashish markazlarida, markazlardagi Do‘stona xonalarda, Respublika bo‘ylab barcha Ishonch xonalarda bepul va anonim tarzda hamda tuman tibbiyot birlashmalarida bepul tarzda namuna (analiz) topshirish mumkin.
Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida faoliyat olib borayotgan Mobil laboratoriyada OIVga hamda gepatit C va zaxmga bepul, anonim tarzda tezkor testdan o‘tish mumkin.
– OIVni to‘liq davolash mumkinmi?
– Bugungi kunda OIVni to‘liq davolash imkonsiz. Biroq samarali davolash usullari mavjud bo‘lib, davoni o‘z vaqtida boshlab, muntazam amalga oshirish orqali OIV bilan yashaydigan odamlar sifatli va uzoq umr ko‘rish imkoniga ega.
Retrovirusga qarshi terapiya – OIV infeksiyasini davolash uchun qo‘llaniladi. Bu terapiya odam tanasida virusning ko‘payishini to‘xtatish orqali OIV infeksiyasiga qarshi kurashadi. Natijada virusning tanada tarqalishi sekinlashadi, ko‘payishini to‘xtatadi, virusni sog‘lom immun hujayralarga kirishini bloklaydi va OIVning boshqa odamga yuqishining oldini oladi.
Agar OIV bilan yashaydigan odam o‘z vaqtida va muntazam terapiyani qabul qilsa, uning organizmidagi OIV virusi yuklamasi kamayib boradi va aniqlanmaydigan darajaga yetadi. Aniqlanmaydigan darajadagi virus yuklamasiga ega OIV bilan yashaydigan odamlar OIVni boshqalarga yuqtirmaydi.
OIV bilan yashaydigan odamlar kundalik hayotini davom ettirishi, o‘qishi, ishlashi va boshqalar bilan aloqada bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, OIV bilan yashovchi odamlar Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil 10 yanvardagi 1-sonli buyrug‘i ko‘ra, ishlash man etilgan kasbiy faoliyat turlari ham bor.
– 95-95-95 strategiyasi nima va bu raqamlar nimani anglatadi?
– 2030 yilga qadar butun dunyoda OITS epidemiyasini tugatish uchun 95-95-95 maqsadli strategiyasi jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llaniladi.
Bu OIV bilan yashaydigan odamlarning 95 foizi o‘z statusi haqida xabardor, o‘z statusi haqida xabardor OIV bilan yashaydigan odamlarning 95 foizi doimiy retrovirusga qarshi terapiya qabul qiladi, retrovirusga qarshi terapiya qabul qiladigan 95 foiz odamlarning organizmida OIV infeksiyasi kuchi eng past darajada deganidir. Ushbu strategiyadagi ko‘rsatkichlarga erishish orqali OIV infeksiyasi tarqalishning oldini olish va butun dunyoda OITS epidemiyasiga barham berish mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA