...Unashtirilgan edim, ammo yaqinda menga qo‘yilgan tashxis hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi. OITS kasalligiga chalinibman. Shifokorlarning ta’kidlashicha, bu kasallikka butunlay davo topishning imkoni yo‘q. Faqat tinimsiz va uzoq muddatli davom etadigan muolajalar hayotimni saqlab qoladi”...
Bu endigina 24 yoshga qadam qo‘ygan, OITSga chalingan bemor yigitning achchiq nolasi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2022 yilda dunyoda taxminan 39 million nafar OIV bilan yashovchi odamlar ro‘yxatga olingan, ularning uchdan ikki qismi Afrika mintaqasi aholisiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha 630 ming nafar odam OIV bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra vafot etgan va 1,3 millionta yangi OIV yuqish holatlari qayd etilgan. Bu esa, o‘z navbatida inson salomatligi, mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda xavfsizligiga rahna solmoqda.
O‘zbekistonda bu kasallik 1987 yil birinchi bor qayd etilgan. Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) kasalligi bilan 50 mingga yaqin shaxs yashab kelmoqda. Mazkur kasallikka chalinayotganlarning 7 foizini 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, 30 foizdan ortig‘ini xorijda ishlab kelayotgan migrantlar tashkil etadi.
Kasallik qaysi yo‘llar bilan ko‘proq yuqadi va qanday alomatlar kuzatiladi? OIV infeksiyasiga chalinganlar ham sog‘lom turmush tarzini tiklashi mumkinmi? Bolalar bu darddan mutloq sog‘ayishi mumkinmi? Unga qarshi vaksina yaratilganmi?
Mavzu yuzasidan Respublika OITSga qarshi kurash markazi Uslubiy, profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Shoakbar Anvarov quyidagilarni gapirib berdi.
– OIV bu – odam immun tanqislik virusi. OITS esa orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi, OIV natijasida kelib chiqadigan kasallik, – deydi Shoakbar Anvarov. – Infeksiyaning 4 ta klinik bosqichi mavjud. Kasallik ko‘p hollarda alomatlarsiz kechadi. Xavotirli jihati shundaki, virus olib yuruvchilarning 60 foizi o‘zlarining kasallanganini bilmay uni tarqatishda davom etishadi. Birinchi bosqichlarda hatto qon analizliri orqali ham aniqlashning imkoni bo‘lmasligi mumkin. Ba’zan bemorda sababsiz ich ketishi, isitmalash, tana vaznining 10 foiz va undan ortiq qismi yo‘qotilishi kabi belgilar, shuningdek, bemorda quloq osti, jag‘ osti qo‘ltiq osti kabi joylarda limfa bezlarining kattalashuvi kuzatiladi. Bundan tashqari, kasallikning ikkinchi, uchinchi bosqichlarida terida turli toshmalar toshishi mumkin. Agar kasallik aniqlanib, o‘z vaqtida davo choralari qo‘llanilmasa, kasallikning so‘nggi bosqichlarida yondosh qo‘shimcha kasalliklar yuzaga keladi. Hatto bemorda saraton kasalligi ham tez rivojlanadi.
Ba’zi OIV bilan zararlangan insonlarda bu kasallik belgilari oylab, hatto yillab ham kuzatilmasligi mumkin. 80 foiz holatda virus bilan zararlangandan 2-6 haftadan so‘ng gripp bilan zararlangan holatdagi belgilar kuzatilishi mumkin. Bu o‘tkir retrovirus sindromi deyiladi. OIVning boshlang‘ich simptomlari – yuqori harorat, qaltirash, bo‘g‘imlarda, mushaklarda og‘riq, tomoq og‘rig‘i, tunda ko‘p terlash, bezlarning kattalashuvi, tanada qizil rangli toshmalar, tez charchash, tezda vazn yo‘qotish. Shuni yodda tutish kerakki, yuqoridagi belgilar faqatgina OIV virusining o‘zi bilan emas, balki ikkilamchi viruslar bilan zararlangandan keyin yuzaga keladi.
Shifokor sifatida shuni ta’kidlashni istardimki, bemorlardan o‘zimizni olib qochishni emas, ularga dalda bo‘lishni, ruhiy ko‘mak berishni o‘ylashimiz kerak. Bu kasallik havo yo‘llari orqali, idishlar orqali yoki qo‘l berib so‘rashish orqali yuqadigan xastalik emas. Bugun tibbiyot rivojlangan, imkoniyatlar yetarli. Har bir bemor o‘z sog‘lig‘i uchun jiddiy qayg‘ursagina, biz kutilgan samaraga erishishimiz mumkin.
Aytaylik, OITSga chalingan bemorlar turmush qurishi va sog‘lom farzandni dunyoga keltirishi mumkin. Faqat buning uchun muntazam shifokor ko‘rigi zarur. OITS bilan kasallangan ayol farzandini kesarcha yo‘li bilan dunyoga keltirishi mumkin.
Bemorlarni ijtimoiy himoyalash maqsadida 18 yoshgacha bo‘lgan OIV infeksiyasiga chalingan bolalarga ijtimoiy nafaqalar tayinlanishi yo‘lga qo‘yilgan. Respublikada OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berish uchun har yili bemor onalardan dunyoga kelayotgan (o‘rtacha 600 nafargacha) bolalar quruq sut aralashmalari bilan uzluksiz ta’minlanadi. Buning natijasida 99,7 foiz bolalar sog‘lom bo‘lishiga erishilmoqda. Alohida ta’kidlash kerakki, bu kasallikka chalinganlarning jamoatchilik tomonidan kamsitilishini olish maqsadida bemorlarning ism-shariflari mutlaqo sir tutilishi kafolatlangan. Ularga ruhiy ko‘mak berish maqsadida joylardagi tibbiyot muassasalarida psixolog shtatlari ajratilgan.
So‘nggi 5 yillik dinamikaga ko‘ra, bolalar o‘rtasida OIV kasalligiga chalinish soni kamayib borayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Bugungi kunda tibbiy markazlarimizda bemor bolalar uchun alohida xonalar mavjud.
Kasallikka chalinganlarning 30 foizini mehnat migrantlari tashkil qiladi. Mehnat migrantlari uzoq muddat davomida chet davlatda bo‘lgan davrida oilasidan, yaqinlaridan uzoqda bo‘ladi. Ular aksariyat hollarda tibbiy madaniyatga ega bo‘lmaydi yoki rioya etmaydi. Ishonchsiz tibbiy xizmatlardan foydalanishadi.
Respublikamizda mavjud qonunchilik OIV/OITSning mehnat muhojirlari va ular oilalari orasida tarqalishining oldini ololmaydi. To‘g‘ri, o‘tgan 2018 yildan xorijiy mamlakatlarda uch oy muddatdan ko‘p vaqt yashab kelgan fuqarolarni tekshirish bo‘yicha tartib ishlab chiqilgan. Bu tartib asosida uch oydan ko‘p muddatda xorijda bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxati shakllantiriladi. Ular 24 soat davomida OIV/OITS infeksiyasiga qarshi faqat ixtiyoriy ravishdagina qon tahlilini topshiradi. Ular oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishi mumkin.
Kasallikning kelib chiqish sabablarini bilamiz. Uning oqibatlari haqida ham ko‘pchilik boshlang‘ich tushunchaga ega. Ammo jamiyatda, oramizda hamon kasallanganlar bor. O‘zbekistonda OITSni yuqtirgan erkaklar soni virusni yuqtirgan ayollarning soni bilan deyarli teng. Faqat 5 yoki 10 foizga farq qilishi mumkin. So‘nggi yillarda butun dunyoda OITSning jinsiy yo‘l bilan yuqish darajasi ortib bormoqda. Bu holat, afsuski, mamlakatimizda ham kuzatilgan. Ro‘yxatga olingan bemorlarning 79 foiziga kasallik jinsiy aloqa yo‘li orqali yuqqanligi gumon qilingan.
Bizda OIV bemorlarining aksariyati boshqalar bilib qolishidan qo‘rqib, ko‘p hollarda tibbiy muolaja olishdan bor tortadi. Ularga shifokor sifatida bir narsani ta’kidlashni xohlar edim. Bu kasallikka chalingan bemor o‘z vaqtida davo muolajalarini olsa, dorilarni uzluksiz qabul qilsa va doimiy ravishda shifokor nazoratida tursa kasallikni yengib o‘tishi, ular ham sog‘lom insonlardek hayot kechirishi mumkin. Bemorlar orasida 20 yildan ko‘proq vaqt davomida ham muolaja olib davolanib kelayotganlar bor. Bugun bu kasallikka qarshi kurashishda 2 ming nafarga yaqin mutaxassislar bor. Men bir narsani ishonch bilan ayta olamanki, mutaxassis shifokorlarimiz kerakli malakaga, tajribaga ega. Ular xorijiy davlatlarning tajribasi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida faoliyat olib borishadi.
Bugun tibbiyot rivojlanmoqda. Bu kabi kasalliklarni davolashda foydalaniladigan dori vositalari inson immun tizimini bir zaylda ushlab turishga yordam beradi. O‘tgan 2023 yilning uchinchi choragi yakuniga ko‘ra, yurtimizda OIV infeksiyali bemorlarning 83 foizi davolashning dunyoda tan olingan usuli — antiretrovirus muolajalari bilan qamrab olingan. Ular uchun zarur preparatlar xarajatlarining qariyb 80 foizi davlat byudjeti mablag‘lari, qolgan 20 foizi esa xalqaro fondlar hisobidan qoplanmoqda.
OITSga qarshi kurash tizimida yutuqlarga erishilmoqda. Bu esa BMTning OIV va OITS bo‘yicha qo‘shma dasturining dunyo miqyosida tan olingan “95-95-95” strategik maqsadlariga erishishda katta ahamiyat kasb etadi. “95-95-95” tamoyiliga asosan, OIV yuqtirgan bemorlarning 95 foizi o‘z statusini bilishi, bemorlarning 95 foizi maxsus terapiya bilan qamrab olinishi, bemorlarning 95 foizida virus yuklamasi past darajaga tushishiga 2025 yilgacha erishish va 2030 yilda OITS kasalligining yuqishiga barham berish maqsad qilib olingan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/CJtdggxT-3o?si=2pwnaMcdnRdIbsIh" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA