Oilaviy tadbirkorlikda baraka bor
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda aholi uy xo‘jaliklarida barqaror daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borda Buxoro viloyati Olot tumanida ham tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan oilalar ko‘plab topiladi. Jumladan, Usmonshayx mahallasida istiqomat qiluvchi Salom ota Ravshanov oilaviy tadbirkorlik asosida chorvachilik bilan shug‘ullanib, bugungi kunda barakali mehnati samarasini ko‘rib kelmoqda.

Xonadonda o‘n bosh zotli qoramollar parvarish qilinadi. Shundan uch bosh sigirdan kuniga o‘rtacha 50 litr sut olinib, separator yordamida qaymoq tayyorlanadi. Bugungi kunda sutning bozor narxi 1 litri 5500 so‘m, qaymoq esa 50 ming so‘mdan sotilmoqda. Natijada oilaning oylik daromadi o‘rtacha 10-12 million so‘mni tashkil etmoqda.


Oila faqat chorvachilik bilan cheklanib qolmay, baliqchilik, parrandachilik va dehqonchilik yo‘nalishlarida ham samarali faoliyat olib bormoqda. Xususan, o‘tgan yili 1,5 tonna baliq mahsuloti yetishtirilgan. Shuningdek, tomorqada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekilib, oilaviy byudjetga qo‘shimcha daromad keltirmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.