Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani so‘lim go‘shalaridagi betakror tabiat manzaralari, muqaddas qadamjolari bilan dunyo sayyohlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Subtropik iqlimi bilan ham mashhur bo‘lgan tog‘li hududdagi Sangardak sharsharasining dovrug‘i yetti iqlimga yoyilgan. Tabiat in’om etgan go‘zal maskan haqida qiziqarli afsona va rivoyatlar ham bor.

Avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bu rivoyatlardan birida aytilishicha, o‘tmishda ham bu sharsharani tomosha qilish uchun yunon, arab va boshqa davlatlarning hukmdorlari Sangardakka kelib, dengiz sathidan 2 ming metr balandlikda joylashgan 150 metrli sharsharadan o‘zgacha zavq olgan. Demak, osmono‘par balandlikdan tushayotgan zilol suv ohangi qadimdagi hukmdorlarning ham asablarini erkalab, ularning kayfiyatini yanada ko‘targan. Hisor tog‘ tizmasining shundoqqina biqinida yastanib yotgan tumanning qir, adirlari ham noyob o‘simlik va hayvonot dunyosi, Nilu qishlog‘idagi qadimiy masjid, chinor daraxtlari va qishloq ahliga obi-hayot ulashib kelgan sirli hovuz ham har qanday kishini o‘ziga maftun etadi.

Maftunkor tumanda boshqa sohalar qatori turizmning ham rivojlanayotgani sayyohlarga zamonaviy sharoitlar yaratishni taqozo etadi. Shunga asosan barcha qulayliklarga ega yangi mehmonxonalar qurilmoqda. Yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, turistlarga savdo, maishiy va boshqa xizmatlar ko‘rsatish tarmoqlari ishga tushirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori turizm faoliyati sub’ektlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab, hududlarning turizm salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirdi.

Aholining bandlik masalasini yechishga ko‘maklashdi. Mazkur hujjatga muvofiq Sariosiyo tumanida oilaviy mehmon uylari barpo etish istagini bildirgan xonadon sohiblari soni ham ortib bormoqda. Ayni paytda tumanda mahalliy va xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatayotgan 30 ta oilaviy mehmon uylarining asosiy qismi Sangardak, Nilu va Subhidam mahallalarida faoliyat yuritmoqda.

–Tabiat qo‘ynida dam olib, betakror manzaralardan zavqlanishning baribir gashti bo‘lakcha bo‘ladi, – deydi Sangardak mahallasidagi “Vahob hofiz” oilaviy mehmon uyi sohibi Abduvahob Azizov. – Uyimiz shundoq Sangardak sharsharasi yaqinida zilol suvli soy bo‘yida joylashgan. Bu hududda yilning deyarli to‘rt faslida ham mahalliy va xorijdan kelgan mehmonlar bo‘ladi. Uyimizda ular uchun barcha sharoitlarni yaratganmiz.

Kelgan xorijlik sayyohlar bu yerdan olgan boy taassurotlarini, tabiat manzaralari maftun etganini hayajon bilan gapirib, uyimizda ko‘proq milliy taomlarimiz tayyorlanishi, urf-odatlarimiz va noyob milliy hunarmandligimiz bilan qiziqadi. O‘z uyimizda go‘zal hududimizga kelayotgan turistlarga oilaviy xizmat ko‘rsatib, bandligimizni ta’minlayotganimizdan mamnunmiz. Tog‘li tumanda milliy urf-odat va an’analarimiz keng namoyon etiladigan oilaviy mehmon uylari bir yo‘la 300 ga yaqin sayyohga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan.
Behzod O‘ROQOV,
Surxondaryo viloyati turzim va madaniy meros bosh boshqarmasi mas’ul xodimi,
viloyat “Kelajak liderlari” klubi a’zosi
O‘zA.