Oilaviy mehmon uylari qulay va arzon
Toshkent viloyatining o‘ziga xos so‘lim tabiati yilning to‘rt faslida ham kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. So‘nggi yillarda hududda turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, hudud bo‘yicha o‘tgan qisqa vaqt ichida mehmon uylarini tashkil etishning tashkiliy va huquqiy asoslari yaratildi. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 noyabrdagi “Oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar faoliyatini tashkil etish, ushbu sohada davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur hujjat ijrosi doirasida ayni paytda 900 dan ziyod oilaviy mehmon uylari, 79 ta xostel faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Joriy yil boshidan buyon joylarda oilaviy mehmon uylari soni 23 taga, xostellar esa 5 taga ko‘paydi.
– Tahlillarimizga ko‘ra, viloyatga 2023 yilda 8 million 63 ming nafardan ziyod sayyoh, shu jumladan, 463 ming nafardan ortiq chet elliklar keldi, – deydi Toshkent viloyati Turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ma’ruf Barakayev. – Bu avvalgi yillarga nisbatan bir necha barobar ko‘p. E’tiborlisi, chet ellik sayyohlarning oilaviy mehmon uylariga qiziqishi ortgan. Buning asosiy sabablari mazkur joylarda xizmat ko‘rsatish ancha arzon. Shu bilan birga, xorijliklar oddiy oilalar hayoti bilan tanishish barobarida milliy urf-odat va qadriyatlarimizni ham ko‘radi. Joriy yilda ham viloyatda turizm tarmoqlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yil oxirigacha 15 dan ortiq xalqaro va mahalliy turizm festivallari o‘tkaziladi. Ayniqsa, Bo‘stonliq tumanidagi “Yakkatut”, Parkent tumanidagi “Kumushkon” qishloqlariga “turizm qishlog‘i” maqomi beriladi. Buning uchun joylarda tegishli boshqarmalar va viloyatning mas’ul tashkilot, korxonalaridan tarkib topgan ishchi guruhi tomonidan aynan “Turizm qishlog‘i”ni tashkil etish yuzasidan ko‘plab o‘rganish ishlari olib borilgan. Mahalliy aholi bilan uchrashuvlar jarayonida ko‘plab xonadon egalarida oilaviy mehmon uylari faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagi borligi ma’lum bo‘ldi. Kelgusida ular faoliyatini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari va qoidalari tatbiq etiladi.
A.Musayev, O‘zA.