Oilani saqlash har birimizning burchimizdir
Oila – muqaddas. Bu tushuncha o‘zini o‘zbekman degan har bir insonning qoniga singib ketgan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Lekin keyingi vaqtlarda bunga uncha ham e’tibor bermay qo‘yilgandek. Ancha yillar ilgari turmushi buzilgan o‘g‘ilning otasi mahallada bosh ko‘tarib yurishga or qilar, yoki qizi qaytib kelgan ona davralardan o‘zini olib qochar edi. Chunki bunda ota-ona o‘zini aybdor his qilgan.
Hozirda ajrimlarning sababini yoshlardan emas, ularning ota-onalaridan, aniqrog‘i, tarbiyadan izlashimiz, va ana shu bo‘shliqni, xatolikni tuzatish uchun kurashishimiz kerak. Tarbiyadagi yo‘l qo‘ygan xatolarning samarasi – bugun yoshlarni 2-3 yil yashab ajrashib ketayotganlari yaqqol ko‘rinib turibdi. Xalqimizda, darz ketgan kosani chegalab bo‘lmaydi degan gap bor. Bu ayni haqiqat. Ammo darz ketmaslik uchun nimalar qilmog‘imiz lozim degan savol barchani birdek o‘ylantirishi lozim.
– Joriy yil boshidan Majburiy ijro byurosi Forish tuman bo‘limi tomonidan 1 milliard 300 million so‘m aliment qarzdorliklari undirildi, – deydi Majburiy ijro byurosi Forish tuman bo‘limi davlat ijrochisi Abduhakim Tojiboyev. – Davlat ijrochilarining tashabbusi bilan 39 nafar fuqaro ish bilan band bo‘lmagan aliment to‘lovchilari doimiy ish bilan ta’minlandi. Lekin, ko‘p marotaba ogohlantirishiga qaramay farzandi uchun aliment ta’minotini to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan 21 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasiga asosan javobgarlikka, ma’muriy qamoq jazosiga tortilganidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olmagan. Ikki nafar fuqaro esa Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortildi.
Aliment bu qarz emas. Bu farzand voyaga yetguniga qadar ota-ona tomonidan beriladigan moddiy ta’minotdir. Buni bajarish esa oilasini saqlab qololmagan har bir ota (yoki ona)ning majburiy burchi bo‘lmog‘i lozim.
A.Qayumov, O‘zA.