Oila va xotin-qizlar maskani ish boshladi
Marhamat tumani Guliston mahallasida barpo etilgan Oila va xotin-qizlar maskani o‘z faoliyatini boshladi.
Shu munosabat bilan Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Ahmedova, tuman hokimi o‘rinbosari Xafizaxon Mamarizayeva, mahallalarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faollari, hamkor tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tadbir tashkil etildi. Unda Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda xotin-qizlar, xususan, ularni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, qo‘llab-quvvatlash, turmush farovonligini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘tgan yil Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatning tuman, shaharlarida “Oila va xotin-qizlar maskan”larini barpo etish, faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Ana shu topshiriq ijrosi doirasida Marhamat tumanida tashkil etilgan maskanda oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish maqsad qilingan.

Yangi ish boshlagan Oila va xotin-qizlar maskani tumanda ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Mazkur maskanda xotin-qizlar uchun o‘quv kurslari, maslahat markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari