Oila tinchligi — ma’naviy barqarorlik asosi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida bildirilgan fikrlar oila institutini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish va inson qadrini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Shukronalik insonning bor ne’matni qadrlay bilishi, hayotidagi yaxshiliklarni ko‘ra olishi va mavjud imkoniyatlarga munosib munosabatda bo‘lishidir. Oilada shukronalik muhiti qaror topsa, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik ham mustahkamlanadi. Bunday xonadonda har bir a’zo o‘zini qadrlangan va kerakli inson sifatida his qiladi.
Bugun yurtimizda oilalarning farovon va munosib hayot kechirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ilgarigi davrlar bilan qiyoslaganda, bugungi oilalarning turmush sharoiti, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, mehnat qilish, zamonaviy uy-joy va infratuzilmadan foydalanish imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishi uchun sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oila institutiga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Albatta, taraqqiyot faqat moddiy sharoitlar bilan emas, insonning ma’naviy dunyosi, oilaviy munosabatlari va hayotga bo‘lgan munosabati bilan ham belgilanadi. Zamonaviy sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanish bilan bir qatorda, oilada milliy qadriyatlar, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, sadoqat va mas’uliyat kabi fazilatlarni asrab-avaylash ham muhim vazifadir.
Bugun oilalarda ham zamon bilan birga, yangi munosabatlar, yangi imkoniyatlar va yangi qarashlar shakllanmoqda. Bu jarayonda zamonaviylik bilan milliy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish, oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat va mas’uliyatni saqlashga xizmat qilishi kerak. Chunki zamonaviy oila faqat zamonaviy uy-joy yoki qulay sharoit emas, balki bir-birini tushunadigan, qo‘llab-quvvatlaydigan, birgalikda qaror qabul qiladigan va kelajak uchun mas’uliyatni his qiladigan oiladir.
Ayniqsa, oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasida tinchlik va totuvlikni asrash, bor ne’matlarga shukr qilish, oila qadrini anglash muhim ma’naviy omildir. Har qanday kelishmovchilikni ajrim bilan hal etishdan oldin, birgalikda qurilgan oila, farzandlar taqdiri, yillar davomida shakllangan mehr va ishonch haqida o‘ylash, muammoni muloqot va murosa orqali hal etish madaniyatini shakllantirish zarur.
Farzand tarbiyasida ham oiladagi muhitning ta’siri beqiyos. Ota-ona bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lsa, farzand ham hurmatni o‘rganadi. Xonadonda tinchlik va shukronalik hukm sursa, farzand hayotning qadrini, oila va ulug‘ ne’matlarni anglab ulg‘ayadi. Demak, farzand tarbiyasi, avvalo, ota-onaning shaxsiy namunasidan boshlanadi.
Bugun biz erishayotgan tinchlik, osoyishtalik, farovonlik va yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlashimiz, ularga shukr qilib yashashimiz kerak. Zero, shukronalik bor joyda qanoat, mehr va baraka, o‘zaro hurmat bor joyda totuvlik va ishonch, tinchlik bor joyda esa taraqqiyot va farovonlik bo‘ladi. Eng muhimi, har bir oila o‘z baxti va tinchligi uchun mas’uliyatni his qilishi lozim.
Bugungi imkoniyatlarimizni qadrlab, oila tinchligi va totuvligini asrash, farzandlarimizga sog‘lom ma’naviy muhit yaratish, milliy va oilaviy qadriyatlarimizni avloddan-avlodga yetkazish barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir.
Nigoraxon Qashqaboyeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Andijon viloyati bo‘limi rahbari.