Oila mustahkamligiga barcha mas’ul
Andijon qiloyati Xonobod shahrida “Biz Sizdan o‘rnak olamiz!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Xonobod shahar hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida oila va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, uzoq yillar ahil-inoq hayot kechirib, el-yurt orasida hurmat-e’tibor topgan namunali oilalar vakillari hamda ularning boy hayotiy tajribalarini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan tadbirda shahar mahallalaridagi namunali oilalar vakillari, xotin-qizlar faollari, otinoyilar hamda yoshlar ishtirok etdi.

Ayni paytda Xonobod shahridagi 10 mingdan ortiq oila tarkibida 50 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Shaharda oilalarni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni ulug‘lash borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, o‘zlarining “kumush”, “oltin” to‘ylarini nishonlayotgan, ibratli umr yo‘llari bilan el-yurt orasida hurmat-e’tibor topgan oilalarni, ularning boy hayotiy tajribalarini ommalashtirish va targ‘ib etish orqali yosh oilalarni mustahkamlash, ularga oilaning muqaddasligini chuqurroq anglatish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Uzoq yillar ahil, inoq yashab kelayotgan, ibratli oilalarning hayot yo‘llarini yoshlarga namuna sifatida ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilgan ushbu tadbirda 40 yildan ortiq birga ahil turmush kechirgan oilalarning sohib va sohibalari sharaflanib, ularga ehtirom ko‘rsatildi, – deydi Xonobod shahar hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Hayotxon Egamberdiyeva. – Umuman shahrimizda yuqoridagi kabi namunali oilalar juda ko‘p. Maqsadimiz ular, ularning boy hayotiy tajribalari orqali yoshlarga oilaning muqaddasligini ko‘rsatib berish, yosh oilalarni, oila bilan bog‘liq qadriyatlarni mustahkamlashdan iborat.

Fozilmon mahallasida istiqomat qilayotgan Sultonbek aka va Madinaxon ayaning oila qurganlariga 43 yil bo‘lgan. Ular butun hayotlari davomida ahil, inoq yashashdi, halol-pok mehnat qilishdi. Bugun ko‘plar ana shu namunali oila vakillaridan ibrat oladi, ular kabi chiroyli oila sohib va sohibalari bo‘lishga intiladi.
– Turmush o‘rtog‘im Bahodirjon Sodiqov bilan oila qurganimizga bu yil 46 yil bo‘ldi, – deydi Mustaqilliq mahallasida yashovchi Maxpiratxon aya Hasanova. – Turmush o‘rtog‘im “Kapirrovot” suv omborida ishlab nafaqaga chiqqan. Men esa bolalar bog‘chasida uzoq yil tarbiyachi bo‘lib ishladim. Allohga shukr, ahil, inoqlikda yashab, besh nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdik, uyli-joyli qildik. Tinch, dorilomon bugungi kunlarga yetganimiz uchun yaratganga shukronalar keltiraman. Yurtimiz tinchligiga, farovon hayotimizga aslo ko‘z tegmasin.

Tadbirda bir guruh namunali oilalar vakillari, shuningdek, oilalar bilan ishlashda ijobiy natijalarga erishayotgan mahalla fuqarolar yig‘inlari xotin-qizlar faollari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA