Oila — mehr va sadoqat maskani
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida oila institutini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda sog‘lom oilaviy muhitni keng targ‘ib etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar izchil davom etmoqda. Shunday tadbirlardan biri tumanning Alisher Navoiy mahallasida istiqomat qiluvchi Norjonoy Xudoynazarova xonadonida tashkil etilgan “Ayol saodati” seminarida o‘z ifodasini topdi.
Tadbirda mahalla faollari, xotin-qizlar faollari, buvijonlar maktabi a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda oiladagi totuvlikni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati, milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ularni kelajak avlodga yetkazish masalalari muhokama qilindi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida oila jamiyatning eng asosiy bo‘g‘ini, uni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda kelajak avlodni sog‘lom ma’naviy muhitda tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab keladi. Haqiqatan ham, oilada mehr, o‘zaro hurmat va ishonch qaror topgan taqdirdagina sog‘lom jamiyat shakllanadi. Bugungi kunda o‘tkazilayotgan bunday uchrashuvlar xotin-qizlar faolligini oshirish, yosh avlodni tarbiyalash va ma’naviy muhitni mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi, – deydi Tuman kengashi deputati Karomat Karimova.

Tadbirda oilaviy munosabatlarda uchraydigan kelishmovchiliklarning oldini olish, ajrimlar profilaktikasi, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash hamda sabr-toqat va bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, buvijonlar maktabi a’zosi Ma’rifat Ibodullayeva mahallada tinchlik va oilaviy barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.

– Mahallada tinchlik va osoyishtalikni saqlash, oilalarda totuvlikni mustahkamlash muhim vazifalardan biridir. Ajrimlar ortida nafaqat ikki inson taqdiri, balki farzandlar kelajagi turadi. Shu bois har bir xonadonga kirib borib, muammolarni joyida o‘rganish va ularni tinch yo‘l bilan hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘p hollarda bir og‘iz shirin so‘z ham katta kelishmovchiliklarning oldini oladi, – dedi u.
Tadbirda bildirilgan fikr-mulohazalar oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash hamda mahalla instituti rolini kuchaytirishda bunday uchrashuvlarning muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor tasdiqladi.
Mutaxassislar fikricha, oiladagi sog‘lom muhit jamiyat barqarorligi va kelajak avlod tarbiyasining muhim omili hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar joylarda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini tadbir ishtirokchilari e’tirof etdilar.
Zero, oila mehr, sadoqat va insoniylik tuyg‘ularini shakllantiradigan muqaddas maskandir. Uning mustahkamligi esa jamiyat taraqqiyotining muhim garovidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri