O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martda «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilingan. Mazkur farmon bilan oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan oilalarga beriladigan «Ibratli oila» ko‘krak nishoni Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 sentyabrdagi qarori bilan ta’sis etilgan.
Bugun ko‘plab namunali oilalar ushbu ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lmoqda. Milliy gvardiya tizimlarida bir necha yillardan beri xizmat qilib kelayotgan Rustam Kamolovlar oilasi ham joriy yilda “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
– Bu uzoq yillik mehnat, yurtga, Vatanga sadoqat bilan xizmatning hosilasi, – deya ta’kidlaydi 80 yoshni qarshi olgan, ko‘plab shogirdlarning o‘qituvchisi va ustozi bo‘lgan Rustam akaning onasi Mamlakat Nabiyeva.
Darhaqiqat, oila jamiyatning mo‘jaz ko‘rinishidir. Rustam aka ibratli oila bo‘lish yo‘lida oqila turmush o‘rtog‘i bilan farzandlarni yaxshi tarbiya qilib, sharafli kasbni bir maromda olib borib, mahallada qo‘ni-qo‘shnilarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan oila boshliqlaridan.
Albatta, harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i bo‘lish ham sharaf va mas’uliyat hisoblanadi. Rustam akaning ayollari qariyb 30 yillik turmushlarida barcha qiyinchilik va xursandchiliklarni birdek yelkama-yelka turib qarshi olgan.
Polkovnik Rustam Kamolov nafaqat o‘z farzandlari, balki shogirdlariga ham bilim va tajribalarini o‘rgatib kelmoqda. Hozirda qahramonimiz shogirdlari bilan kadrlarning shaffof tanlovini yo‘lga qo‘yish uchun axborot texnologiyalaridan unumli foydalangan holda inson omili ishtirok etmaydigan kompyuterlashtirilgan tizimni yo‘lga qo‘ydi.
Oila – jamiyat tayanchi, deb bejiz aytilmagan. Chunki, Vatan oila ostonasidan boshlanadi. Zero, oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakatimizda tinchlik, farovonlik, to‘kinlik barqarordir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5EyWksr0BuM" title="Oila – jamiyatning moʼʼjaz koʼrinishi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, O‘zA