Oila – jamiyatning asosi. Xo‘sh, oilaning asosini nima tashkil etadi? Albatta oilaning huquqiy asosini qonuniy nikoh tashkil etadi. Chunki faqat qonuniy nikohgina oilada er-xotin va bolalar o‘rtasida o‘zaro huquq va majburiyatlarni keltirib chiqaradi.
Nikoh o‘zi nima – u kelishuv, bitim, shartnoma, ahdnoma yoki bo‘lajak kelin-kuyov o‘rtasidagi ittifoqmi, degan savol tug‘ilishi tabiiydir. «Nikoh» so‘zi arabcha bo‘lib, «qo‘shilish» degan ma’noni anglatadi. Lug‘aviy ma’noga ko‘ra, nikoh bu ikki jinsdagi shaxslarning o‘zaro rozilik, ixtiyoriylik, tenglik, belgilangan nikoh yoshiga yetganlik asosida ahdlashib tuziladigan ittifoqdir.
Konstitutsiyaning 63-moddasida «Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi», deyiladi. Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasida nikoh yoshi ayollar va erkaklar uchun 18 yosh deb belgilangan bo‘lsada, mutaxassislar 20 yoshdan keyin nikohga kirib oila qurish maqsadga muvofiq deb ta’kidlaydi.
NIKOH TUZISH TARTIBI
Oila kodeksining 13-moddasida nikoh tuzish tartibi va shartlari belgilab berilgan bo‘lib, nikoh Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Oila kodeksining 14 va 15-moddalariga muvofiq nikohlanuvchilarning o‘zaro roziligi va ularning nikoh yoshiga yetganligi nikoh tuzishning asosiy sharti hisoblanadi.
Hozirgi kunda Oila kodeksiga yangi norma sifatida «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish» to‘g‘risidagi 17-modda kiritildi. Mazkur moddada nikohlanuvchi shaxslarning davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul asosda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi belgilab qo‘yilgan.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom» qabul qilingan. Mazkur nizom FHDYO organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladigan barcha nikohlarga joriy etiladi, 50 yoshdan katta shaxslarning nikohini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari bundan mustasno. Nizom talablariga muvofiq nikohlanuvchi shaxslar o‘zlari yashash joylaridagi tibbiy muassasadan belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.
Oila kodeksining 29-moddasiga binoan, nikoh shartnomasi-nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrda yoxud er va xotin nikohdan ajralgan taqdirda, ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvdir.
Oila qurayotgan bugungi yoshlar ichida bu jarayongacha, tadbirkorlik qobiliyati yoki intellektual salohiyati bilan moddiy-moliyaviy jihatdan ancha narsaga erishganlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Er va xotinning nikohgacha o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bitimlar asosida olgan mol-mulki faqat o‘zining mulki hisoblanadi. Shu ma’noda er-xotinning birgalikdagi umumiy mulki esa ularning nikoh davomida orttirgan, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar umumiy mablag‘lari hisobiga olingan buyum yoki boshqa narsalari bo‘lishi mumkin.
Nikoh davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar tuzilgan shartnoma, u davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Shartnoma yozma shaklda tuziladi va albatta notarial idora orqali tasdiqlanishi shart.
Nikoh shartnomasini ishonchnoma orqali tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nikoh shartnomasini tuzishda tomonlarning pasportlariga ko‘ra shaxslari aniqlanadi. Nikoh tuzishdan oldin nikoh shartnomasini tuzishga kelganlar bilan notarius tomonidan suhbat o‘tkazilgach yoki er-xotinning nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalariga asosan, bu shartnoma notarial tasdiqlanish uchun qabul qilinadi. Notarius shartnomaning mazmuni amaldagi qonunlarga zid bo‘lmagandagina tasdiqlashga haqli.
Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga muvofiq nikoh shartnomasini tuzish ixtiyoriydir. Ya’ni bunday shakldagi shartnomani tuzish yoki tuzmaslik er va xotinning o‘ziga bog‘liq.
NIKOH SHARTNOMASINING YANA BIR AFZALLIGI
Nikoh shartnomasining yana bir afzalligi shundaki, u o‘zida nafaqat er-xotinning mol-mulkini vujudga keltirish yoki uning huquqiy tartibini o‘zgartirish, shu bilan birga, er-xotinning bir-biriga moddiy ta’minot berishini tartibga solishini ham aks ettiradi. Shu bois nikoh shartnomasini faqat mulkiy nizolarni hal qilishga yordam beruvchigina emas, balki nikohni mustahkamlovchi omil deb qarash ham mumkin.
Mazkur huquqiy hujjat biz uchun yangilik bo‘lib, 1998 yilda qabul qilingan yangi Oila kodeksi bilan amaliyotga joriy etildi. Nikoh shartnomasi nikohdan o‘tuvchilar va nikohdagi er-xotin o‘rtasida tuziladi. Shartnoma nikoh davlat ro‘yxatiga olingunga qadar tuzilgan bo‘lsa, Oila kodeksining 30-moddasiga asosan nikoh FHDYO organlarida ro‘yxatga olingan vaqtdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Tomonlar oila daromadlari va xarajatlarini taqsimlash bo‘yicha huquq va majburiyatlarini nikoh shartnomasida belgilab qo‘yishlari mumkin. Bu qoida doimiy ish haqiga ham, kundalik xarajatlarga ham, aytaylik, birgalikdagi mol-mulk tarkibiga kiruvchi narsalarni saqlash va ta’mirlash, bolalarni o‘qitish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarga ham tegishli. Shuningdek, er-xotin zarurat tug‘ilganda bir-birlarini pul bilan ta’minlab turish shartlarini oldindan kelishib olishlari ham mumkin. Bunday shartlar Oila kodeksining 17-bobi talablariga mos bo‘lishi kerak. Xuddi shuningdek, tomonlardan birining boshqasiga moddiy ta’minot uchun aliment to‘lash tartibi va miqdori aliment to‘lash to‘g‘risidagi maxsus kelishuv bilan belgilanishi mumkin.
Yana bir muhim jihat – tomonlar sud tomonidan nikohdan ajratilganda, ulardan har biriga topshiriladigan mol-mulkdagi ulushni o‘zaro kelishuvda belgilash huquqiga ega. Buning afzalligi shundaki, nikoh davrida er-xotindan biri uy-ro‘zg‘or yumushlari va bolalarga qarash bilan mashg‘ul bo‘lib, daromad orttira olmaydi. Bunday holatda taraflar nikohidan ajratilgandan keyin ushbu taraf tegishli moddiy ta’minotsiz qiyin ahvolga tushib qolishi mumkin.
Kodeksning 32-moddasiga muvofiq nikoh buzilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi, nikoh shartnomasida nikoh buzilganidan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bundan mustasno.
Nikoh shartnomasi istalgan vaqtda o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi va bekor qilinishi mumkin. Lekin er-xotinning o‘rtasidagi uning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi to‘g‘risidagi kelishuv yozma shaklda bo‘lishi va notarial tartibda tasdiqlanishi kerak. Nikoh shartnomasidan bir tomonlama voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, nikoh shartnomasi tuzishdan maqsad, faqat mulkni taqsimlash emas. U o‘zaro ahillikni ta’minlashga, oilaning umumiy mulkini avaylab-asrashga xizmat qiladi, isrofgarchiliklarning oldini oladi, tomonlarning oila oldidagi mas’uliyatini oshiradi.
Oybek HASANOV,
Farg‘ona viloyat
sudi raisi
o‘rinbosari