Ohangaronda yangi uylar egalariga topshirildi
Tuman markazining Nurobod qo‘rg‘onida 80 xonadondan iborat 4 va 5 qavatli arzon turarjoy binolari o‘z egalariga topshirildi.
Ushbu tadbirda tuman hokimi Abdurasul Abdullayev uy egalariga kalitlarni topshirib ularni tabrikladi. So‘zga chiqqan nuroniylar yurtimizda, xususan, tumanda olib borilayotgan islohotlar samarasi haqida to‘xtaldi. Tadbir munosabati bilan elga dasturxon yozilib, osh tortildi. Tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2020 yil 7 dekabrdagi “2021-2022 yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, Angren shahri Nurobod qo‘rg‘oni Ohangaron tumanining ma’muriy markazi etib belgilangan edi. Shunga asosan, Nurobod qo‘rg‘onining tuman markazi sifatida bosh rejasi ishlab chiqildi va davlat tashkilotlari, bank, ko‘p qavatli uy-joylar va boshqa ob’ektlarning qurilishi belgilandi. Ushbu hududda Xalq banki, Agrobank, Ipoteka va Mikrokredit banki tomonidan ko‘p qavatli binolar qurildi. Mazkur binolarning 1 va 2-qavatlari bank ofisi bo‘lsa, qolganlari turarjoy bo‘lib, jami 62 xonadonni tashkil etadi. Ayni kunlarda yana ikkita besh qavatli binolar qurilishi boshlangan. Kam ta’minlangan va ehtiyojmand aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida esa Nurobod qo‘rg‘onida joylashgan 2 bo‘sh turgan ko‘p qavatli uy-joylar qayta ta’mirlanib, kam ta’minlangan oilalarga ijara shartnoma asosida ajratib berildi.
A.Musayev,
O‘zA.