Qaror va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 10 yanvardagi “Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Ohangaron tumanida “Eltech Industrial” texnoparki tashkil etilgan. Unga ajratilgan 138 gektarlik hududda yangi loyihalarning qurilish ishlari davom etmoqda.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan mazkur texnoparkda navbatdagi qurilish ishlariga start berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda uyushma mas’ullari, soha mutaxassislari, tuman faollari qatnashdi. “UET Steel” kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan yangi korxonada elektr uzatish liniyalari uchun metall konstruksiya ishlab chiqariladi. Ushbu loyiha qiymati 15 million dollarga teng. Uni amalga oshirish natijasida 60 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yillik quvvati esa 40 ming tonnani tashkil etadi. Loyiha 2025 yilda ishga tushiriladi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda “Eltech Industrial” texnoparki a’zolari uchun bir qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, yangi hududda qulay biznes muhitini yaratishga yordam berilmoqda. Xususan, bu yerda umumiy qiymati 249 million dollarlik 16 ta loyihani amalga oshirish ishlari davom etmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda mis xomashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish istagida bo‘lgan tadbirkorlar soni tobora ortgan.
A.Musayev, O‘zA muxbiri