Ohangaronda yangi ixtisoslashtirilgan maktab ish boshladi
Ohangaron shahrida Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzurida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktab foydalanishga topshirildi.
Unda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi vakillari, shahar hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari va ota-onalar qatnashdi.


Ta’kidlanganidek, bu kabi zamonaviy ta’lim maskanlari viloyatda ham ko‘payib, yoshlarning sifatli bilim olishiga xizmat qiladi. Prezidentimizning 2022 yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq Toshkent viloyatida 13 ta ta’lim tashkilotlarini Prezident ta’lim muassasalari Agentligi tizimida ixtisoslashtirish belgilandi.
Ohangaron shahar qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Bahodirovning ma’lum qilishicha, Xalq ta’limi vazirligi buyurtmachiligida qurilgan 220 o‘rinli uch qavatli mazkur o‘quv binosi qurilishiga 19 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Bu yerda 150 o‘rinli yotoqxona, barcha sharoitlarga ega sport zallari, oshxona va dars tayyorlash xonalari barpo etilgan. Har bir sinf xonasi zamon talablari asosida jihozlangan.


Yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga 2022/2023-o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 1 iyundan – 30 iyunga qadar onlayn shaklda amalga oshirildi. Unga ko‘ra, aniq fanlar yo‘nalishiga 5-11-sinflarga, tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7-11-sinflarga jami 144 nafar o‘quvchi qabul qilindi.
Tadbir qatnashchilari yoshlarning o‘qishlariga muvaffaqiyat tiladi. Kelgusida ularning yuqori natijalarga erishishdan umidlar katta ekani aytib o‘tildi. Shundan so‘ng mehmonlar mazkur ta’lim dargohida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod shaharlari, Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq, Chinoz, Zangiota, Bo‘stonliq, Parkent hamda O‘rta Chirchiq tumanlarida ham zamonaviy ta’lim talablari asosida yangi maktablar ish boshlaydi.


A.Musayev,O‘zA.