Ohangaron tumanida chorvachilik tarmoqlari rivojlanmoqda
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Do‘stlik yo‘li bog‘i Eram” fermer xo‘jaligida hududda faoliyat yuritayotgan qoramol va qo‘ychilikka ixtisoslashgan fermerlar, tadbirkorlar uchun seminar o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi Abdurasul Abdullayev, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov, “O‘zchorvanasl” agentligi direktori Baxtiyor Atamuradov ishtirok etdi.
Chorvachilik sohasida qoramolchilik va qo‘ychilik yetakchi tarmoqlar hisoblanadi. Shu tufayli hududlarda ushbu tarmoqni yanada ilmiy asosda rivojlantirish muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Buning uchun chorvani me’yor darajada parvarishlash, to‘la qiymatli oziqlantirish hamda naslchilik ishlarini yanada yaxshilash dolzarb vazifalardan biridir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qo‘ylarni fermer xo‘jaliklar, yirik komplekslarda saqlash uchun sog‘lig‘ining yaroqli, mahsuldorlik xususiyatlarining yuqori, kasalliklarga chidamli bo‘lishiga erishish muhim hisoblanadi.
Seminarda chorva naslchiligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. bugungi kunda tumanda faoliyat olib borayotgan “Xolto‘rayev Oybek XM” fermer xo‘jaligi tomonidan Rossiya davlatining Stavropol o‘lkasidan olib kelingan Merinos zotli qo‘yni ko‘paytirish yuzasidan o‘ziga xos master klass o‘tkazildi. Viloyat fermerlari ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashdi. Xususan, Merinos qo‘y zotlarining asosiy afzalligi ko‘p bo‘lib, yuqori sifatli jun va shu bilan birga, go‘sht mahsuldorligiga ega. Qo‘chqorning vazni taxminan 100 kilogramm, qo‘y 80 kilogrammni tashkil qiladi. Ushbu turdagi barcha nasllar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichlardan hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda 2021-2022 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida umumiy qiymati 1 trillion 161 milliard so‘m bo‘lgan 160 ta loyiha amalga oshiriladi. Xususan, chorvachilik yo‘nalishida 936,9 milliard so‘mlik yuzta loyiha ishga tushirilib, buning natijasida 2 ming 486 nafar aholi bandligi ta’minlanadi.
A.Musayev, O‘zA