"Hududgaz Andijon" gaz ta’minoti filiali komplayens-nazorati hamda tegishli tashkilotlar tomonidan Xo‘jaobod tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida qonunbuzarlik holati fosh etildi.
Unga ko‘ra, tumanning Besh qovoq mahallasida joylashgan "B.B.B." MCHJga qarashli ohak sexida tabiiy gazdan o‘g‘rincha ishlatilgan. Ma’lum bo‘lishicha, sexning gaz ta’minotiga oid loyiha-texnik hujjati mavjud bo‘lmagan.
Nosoz holatdagi gaz hisoblagich orqali ishlayotgan ohak xumdonida 20 ta nostandart gaz yondirgich o‘rnatilgan va gazdan noqonuniy foydalanilgan.
“Hududgazta’minot” AJ axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur korxona tuz ishlab chiqarish uchun tabiiy gazdan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzgan, lekin uni ohak ishlab chiqarish uchun ishlatgan. Bundan tashqari, gaz hisoblagichning nosozligi sababli korxona gaz tarmog‘idan uzilgan bo‘lsa-da, bir martalik tamg‘a buzilib, o‘zboshimchalik bilan gazdan foydalanishni davom ettirgan.
Tekshiruv natijalari bo‘yicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, zarar miqdori hisoblab chiqildi. Unga asosan jami 5 milliard 358 million so‘mlik noqonuniy gaz iste’moli aniqlandi. Holat bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA