O‘g‘rilik jinoyati fosh etildi
Shofirkon tumanida sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyati fosh etildi. Bu haqida Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yilning 21 mart kuni soat 22:00 dan 22 mart kuni soat 06:30 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs Shofirkon tumani Tinchlik mahallasida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkor H.X. ga tegishli bo‘lgan “Savrak Saxovat” oshxonasi eshigining qulfini buzish yo‘li bilan ochib ichkariga g‘ayriqonuniy ravishda kiradi. Oshxonaning 2.5x2.5 metr o‘lchamdagi bari ostidagi metalldan ishlangan seyfni buzadi. Natijada mazkur seyf ichida saqlangan qiymati 18.497.127 so‘mga teng bo‘lgan 1.620 AQSH dollari va 7 million so‘m miqdoridagi naqd pullarni yashirin ravishda talon-toroj qiladi. Jabrlanuvchiga jami 25.497.127 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Shofirkon tumani Bog‘iafzal mahallasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan H.P. sodir etganligi aniqlandi.
Hozirda ushbu shaxsning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA