O‘g‘rilarning rejasi amalga oshmadi
Buxoro viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi Qorako‘l tumani qo‘riqlash bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan Qorako‘l tuman cho‘l massivi hududida faoliyat yuritayotgan xalq xo‘jaligi, iqtisodiyot hamda ishlab chiqarish ob’ektlarida tovar moddiy boyliklarining talon-taroj qilinishini oldini olish borasida profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Joriy yilning 8 yanvar kuni soat taxminan 18:00larda «Zil-130» rusumli yuk avtomashinasi hamda «Damas» rusumli yengil avtomashinalarda Qorako‘l tumanida yashovchi fuqarolar Z.I., B.B., F.E., U.B., R.B. hamda J.Q. lar o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirishadi.
Ular bir guruh bo‘lib Qorako‘l tumani «Dehqonobod» MFY Shirinquduq massividagi Qorako‘l tumani hokimligi balansida bo‘lgan, sobiq 9204-sonli harbiy qism 4-chegara binosiga g‘ayriqonuniy ravishda kirishadi. Mazkur binodan sud-tovarshunoslik ekspertizasining 2022 yil 24 yanvar kunidagi xulosasiga ko‘ra, jami bozor bahosi 22 million so‘mga yaqin 13 turdagi qurilish materiallarini yashirin ravishda talon-taroj qilishadi.
Hodisa joyidan yashirinishga uringan vaqtda «Qandim» cho‘l massivida joylashgan «Lukoil Opereyting Kompani» MCHJning gaz, ne’ft quvurlari va kuduklari mobil yo‘nalishi qo‘rig‘iga xizmatga jalb etilgan Qorako‘l tumani Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘riqlanayotgan yo‘nalishda shubhali hatti-harakat qilayotganligi sababli to‘xtatiladi.
Tegishli tartibda tekshiruvdan o‘tkazilganida ular tomonidan hech qanday hujjatlarsiz ko‘p miqdordagi qurilish materiallarini talon-taroj qilib olib ketayotganligi holati aniqlanadi. Holat yuzasidan dastlabki hujjatlar rasmiylashtirilib, Qorako‘l tuman IIBga topshiriladi.
Hozirgi vaqtda Qorko‘l tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan mazkur holat yuzasidan fuqarolar Z.I., B.B., R.B., U.B., F.E. hamda J.Q.larning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli modasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA