Ogohlik va isloh uchun berilgan imkoniyat
Jinoyat sodir etgan har bir shaxs uchun jazoning asosiy maqsadi uni jazolash emas, balki to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, qilgan xatosidan xulosa chiqarishiga ko‘maklashishdan iborat. Afsuski, ayrim fuqarolar bu imkoniyatning qadriga yetib bormaydi va o‘z xatolarini kech anglaydi.
Sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan mahkumlarga belgilangan talab va cheklovlarga qat’iy amal qilish yuzasidan bir necha bor huquqiy tushuntirishlar berilgan. Mas’ul idoralar tomonidan ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ogohlantirish choralari ko‘rilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sud majlisida bir guruh mahkumlarni muddatidan ilgari shartli ozod qilish haqidagi taqdimnomalar ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida har bir mahkumning xulq-atvori, jazoni o‘tash davridagi munosabati, belgilangan talablarga rioya qilishi hamda tuzalish yo‘liga o‘tgani atroflicha o‘rganildi.

Natijada jazoga vijdonan munosabatda bo‘lgan, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqargan 50 nafardan ortiq mahkumning muddatidan avval shartli ozod qilinishi haqida qaror qabul qilindi. Bu ularning jamiyatga qaytishi va yangi hayot boshlashi uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi.

Sud majlisida ta’kidlanganidek, hayotda har kim adashishi mumkin. Biroq insonning qadri xatoni tan olib, undan to‘g‘ri xulosa chiqarishi va kelajakda bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasligi bilan belgilanadi. Shu bois sud tomonidan qonuniy asoslarga mos deb topilgan taqdimnomalar qanoatlantirildi hamda mahkumlarga shartli ozodlikning mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan mas’uliyatlar yuzasidan qo‘shimcha huquqiy tushuntirishlar berildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri