Ogohlik va hushyorlikka chorlov
Joriy yilning 30 noyabriga qadar respublikamizda “Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi” oyligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylik munosabati bilan Namanganda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlari talabalarining ijara turar joylarini kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi.


Namangan davlat pedagogika institutida Namangan harbiy prokurori, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, Namangan shahar hokimi tomonidan institut prorektorlari, tyuterlar va tadbirga jalb etilgan shaxsiy tarkib hamda daxldor tashkilotlar xodimlariga ijara yashash joylarini o‘rganishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan yo‘riqnoma berildi. Mazkur jarayonlar bir vaqtning o‘zida Namangan davlat texnika universitetining Yangi Namangan va Davlatobod tumanida joylashgan filiallarida ham davom etdi.

– Tadbirda asosan, talabalar turar joylarida yaratilgan sharoitlar, kuz-qish mavsumida isitish tizimi, oshxonalar hamda yuvinish xonalarini isitish tarmoqlari o‘rganilib, bir qator kamchiliklar aniqlandi. Ayrimlari esa o‘z o‘rnida bartaraf etilib, turar joylar egalariga qolgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘in, chaqnash, is gazi va botulizm kasalliklarining oldini olish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish berildi, – deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ul xodimi, mayor Qahramon Sattorov.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.