Ogohlik – davr talabi
Mana, orzular ro‘yobga chiqdi.
Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poezdini mamlakatimiz hududidagi temir yo‘llarda ko‘rganimizda nafaqat bolalar, biz – kattalar ham behad xursand bo‘lib ketamiz. Negaki, bundan bir necha yil avval kinofilmlar orqali xorijda shunday poezdlarni ko‘rganimizda ularni faqat orzu qilardik. Mana, orzular ro‘yobga chiqdi. Ushbu tezyurar poezdga ancha ko‘nikib qoldik. U hayotimizga singib ketdi.
U hamyurtlarimizning uzog‘ini yaqin qilish bilan birga respublikamizga tashrif buyurayotgan sayyohlar va mehmonlarga ularni manzillarga tez va xavfsiz yetkazib qo‘yishda manzur bo‘lmoqda. Lekin ushbu poezdning temiryo‘llarida harakatlanishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimi xodimlaridan, ayniqsa, poezdni boshqarayotgan mashinist bilan birga ushbu tizimda – temir yo‘llaridagi harakatlarni tartibga soluvchi, poezdlarning o‘z vaqtida o‘tish xavfsizligini ta’minlovchi mas’ul xodimlardan o‘ta hushyorlik va ogohlikni talab etadi. Agar shu hushyorlik bir zum unutilishi yoki sovuqqonlik oqibatida noxush hodisa, to‘g‘rirog‘i, fojea ro‘y berishi mumkinligini aslo yoddan chiqarmasligimiz kerak. Bunga quyidagi voqealarni misol qilib keltirish mumkin.
Joriy yilning 25 sentabr kuni soat 08:45 da “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poezdi, ushbu temir yo‘l liniyasining 3446 km 6-pekitida joylashgan temir yo‘l kesishmasi (pereezd) o‘z vaqtida yopilmaganligi sababli, poezd o‘tishiga 10 soniya qolganda yo‘lakdan “Kamaz” rusumli yuk avtomashinasi o‘tishi natijasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poezdining xavfsizligiga katta tahdid tug‘ilgan. Xo‘sh bunga kim aybdor, degan savol tug‘ilishi shubhasiz.
Ushbu temir yo‘l kesishmasida 24 sentabrdan 25 sentabrga o‘tar kechasi, Xovos yo‘l xo‘jaligi (PCh-3) bayonnomasiga asosan tayinlangan temir yo‘l xodimi (montyori) X.Guseynov navbatchilikni o‘tagan. Lekin, X.Guseynovning navbatchilik vaqti 25 sentabr soat 8:00 da tugagan. Undan navbatchilikni qabul qilib olishi zarur bo‘lgan mazkur temir yo‘l kesishmasi navbatchisi E.Kurbanaliev o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik va sovuqqonlik bilan qarab, ishga kechikib kelgan (9:10).
Shu sababli “Afrosiyob” poezdi o‘tishi nazorat qilinmagan, ya’ni o‘tish yo‘lagi o‘z vaqtida yopilmagan. Temir yo‘l kesishmasi navbatchilari bu xatti-harakatlari bilan sohada ishlab chiqilgan yo‘riqnoma talablarini qo‘pol ravishda buzgan.
Shuningdek, o‘tgan yilning 25 sentabr kuni “Sirdaryo” temir yo‘l bekati navbatchisi T.Kim “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Afrosiyob” poezdining xizmat ko‘rsatish hududiga kirganligi to‘g‘risida temir yo‘l kesishmasi navbatchisiga xabar bermagan hamda yo‘lakning yopilganligini nazorat qilmay, qayd etilgan Yo‘riqnomaning 13-bo‘lim 158-bandi talablarini buzgan.
Ushbu ta’kidlab o‘tilgan kamchiliklar, poezdlar harakat xavfsizligiga tahdid tug‘dirib, favqulodda holat (avariya, poezdning yo‘ldan chiqib ketishi va hokazolar) kelib chiqishiga sharoit tug‘dirgan.
Mazkur holat yuzasidan Xovos transport prokuraturasi tomonidan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli boshlig‘i nomiga 2019 yil 15 oktabrda qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
Natijada, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari A.Kamolov huzurida muhokama qilingan hamda 2019 yil 2 oktabrdagi bayonnomaga asosan aybdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. O‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan rahbarlar esa o‘z lavozimidan chetlatildi.
Bundan tashqari, poezdlar harakat xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarni oldini olish maqsadida huquq-tartibot idoralari tomonidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Xovos transport prokuraturasi va Sirdaryo viloyat IIB TXTB xodimlari tomonidan haftaning har chorshanba kuni “Temir yo‘llarda xavfsiz kun” doirasida temir yo‘lga yaqin joylashgan barcha mahalla, maktab va kollejlarda muntazam ravishda tushunchalar berib kelinmoqda.
Xalqimizda “ko‘za kunda emas, kunida sinadi”, degan naql bor. Xavf-xatar va ko‘ngilsizliklarning oldini olish har birimizning vazifamiz sanalib,bizdan doimiy ravishda hushyorlik va ogohlikni talab etadi.