Ogoh bo‘ling, Trollar... (+video)
Yoshlarni “onlayn xuruj”dan himoya qilish va “internet madaniyat”ini shakllantirish kun tartibida
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi (O‘zXIA) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) yoshlarni virtual tahdiddan muhofaza qilish usullarini targ‘ib etish maqsadida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlamoqda.
Bugun Agentlik vakillari va Akademiyaning Xalqaro munosabatlar kafedrasi professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirokida “Axborot xuruji, dezinformatsiya va manipulyatsiya” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Davra suhbatida mavzu yuzasidan o‘zaro fikr almashildi, ma’ruzachilar qarashlari tinglandi. Jumladan, internetdagi trollardan ehtiyot bo‘lish joizligi, ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilayotgan ma’lumotlarni qabul qilish va uzatishdan oldin bir necha rasmiy manbalarga tayanish zarurligi ta’kidlandi.
– Ma’naviy tahdid va yoshlar ongini egallashga qaratilgan axborot xuruji kun sayin avj olmoqda, – dedi O‘zXIA Yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov.– Bunday vaziyatda yolg‘on ma’lumot tarqatish, ijtimoiy ongni zaharlash, milliy-ma’naviy qadriyatlarni yemirish, mentalitetga mutlaqo yot qadriyatlarni targ‘ib etish, xalqning tarixiy xotirasini buzish va o‘zgartirish, kiber terror kabi tahdidlardan mudom ogoh bo‘lmog‘imiz lozim.

Ma’lumki, axborot urushi globallashuv jarayoni mahsuli. Hozirgi davrda so‘z mafkuraviy ta’sir o‘tkazish uchun nihoyatda o‘tkir qurolga aylanib, turfa xil siyosiy kuch va guruhlar manfaatiga xizmat qilmoqda. Albatta, bu bugun paydo bo‘lgan muammo emas. Insoniyat tarixida har qanday ilg‘or yoki nisbatan mayda jamiyatlar ham “axborot quroli”dan samarali foydalangan.

Tabiiyki, mintaqamiz va mamlakatimiz ham ayni salbiy jarayondan to‘liq himoyalangan, deya olmaymiz. Shu bois mavzuning dolzarbligi hozircha yo‘qolmagan. Zero, juda arzon, shu bilan birga yadro qurolidan-da qudratliroq kuchga ega “axboriy urush” ba’zi g‘arazli kuchlar qo‘lidagi asosiy vositaga aylanmoqda. Mazkur qarama-qarshilikning ob’ekti ham, sub’ekti ham inson ekanligi esa har qanday kishini xavotirga solishi tabiiy.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/breB0kwAN-c" title="Ogoh boʻling, Trollar..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA