"Og‘ir xudud": H.Olimjon mahallasida ish qizg‘in
Sirdaryo viloyati Guliston tumanida bir nechta mahalla fuqorolar yig‘inlari og‘ir hudud sifatida tanlab olingan. Mahallada bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi.
1-sektor hududidagi X.Olimjon mahallasida ham ana shunday keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ishchi guruhi ushbu mahallada olib borilayotgan obodonlashtirish, qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir hudud sifatida tanlab olingan mahallada 417 xonadon, 591 oila, 2300 nafarga yaqin aholi istiqomat qilib keladi. Mahallada 12 ta ichki yo‘l mavjud bo‘lib, shundan 6 tasi ta’mirtalab ahvolda bo‘lgan. bugungi kunda ushbu ichki yo‘llarning 3 km qismi shag‘allashtirildi, yangi beton elektr simyog‘ochlar o‘rnatildi, gaz quvurlari bo‘yoqlanib, xonadonlar tartibga keltirilmoqda.

Mutasaddilar ishchi guruhlarga bo‘lingan holda uyma-uy yurib, muammolarni o‘rganib, ularni barataraf etish choralarini ko‘rmoqda. Tibbiyot birlashmasi tomonidan aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Xalq bilan bunday muloqot nafaqat murojaatlarni tinglash, balki aholining kundalik hayoti bilan tanishish, masalalarni joyida bartaraf etishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Davlat xizmatlari Agentligi viloyat boshqarmasi xodimlari mazkur mahalla ahlining uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish maqsadida sayyor xizmat ko‘rsatdi.

Bu ishlar tumanning boshqa mahallalarida ham reja-grafik asosida davom etadi.





Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA