Og‘ir atletika: O‘zbekiston va Qozog‘iston sportchilari nufuzli musobaqalarga hamkorlikda tayyorgarlik ko‘radi
Shu kunlarda Chirchiq shahrida og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston ayollar terma jamoalarining qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davom etmoqda.
Mazkur yig‘in davomida sportchilar murabbiylar rahbarligida mahoratlarini oshirib, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston og‘ir atletika bo‘yicha jahon sportida yetakchi davlatlar qatoridan o‘rin olgan bo‘lib, har ikki mamlakat vakillari xalqaro musobaqalarda muntazam ravishda yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda. Shu bois, ikki terma jamoa ishtirokidagi ushbu qo‘shma yig‘in sportchilar va murabbiylar uchun katta amaliy ahamiyatga ega.

Do‘stona va professional muhitda o‘tayotgan mashg‘ulotlar sportchilarning texnik va taktik tayyorgarligini yanada mustahkamlash, shuningdek, tajriba almashish orqali mahoratni oshirishga xizmat qilmoqda.
Kuni kecha hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shma mashg‘ulotlar tizimida samaradorlikka erishish maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Sport vaziri, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Mahmudov va Qozog‘iston og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Jambulat Ziadin o‘rtasida o‘tkazilgan muloqot chog‘ida ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi sport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar og‘ir atletikani yanada rivojlantirish, terma jamoalarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish hamda istiqboldagi yirik musobaqalarga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha fikr almashdi.
O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining samaradorligi alohida e’tirof etilib, bunday yig‘inlarni kelgusida xorijiy mamlakatlarda ham tashkil etish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA