Og‘ir atletika: O‘zbekiston kubogiga tayyorgarlik holati ko‘rib chiqildi
Joriy yilning 8-13-sentabr kunlari poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida mamlakatimizning eng mahoratli og‘ir atletikachilari O‘zbekiston kubogi uchun kechadigan bahslarda ishtirok etadi.
Ayni kunlarda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan mamlakat kubogi musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish borasida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Kuni kecha sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov O‘zbekiston kubogi musobaqalari o‘tkaziladigan sport majmuasida bo‘lib, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida zalning zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlangani, mashg‘ulotlar uchun yaratilgan qulayliklar hamda sportchilarning sifatli bahslarda sifatli qatnashishi uchun yaratiladigan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Mamlakat kubogida xalqaro musobaqalarda, chempionatlarda yuqori natijalarni qayd etib kelayotgan sportchilar bilan birga bir guruh yosh talantlar qatnashishini inobatga olib, qur’a tashlash tadbirlarida, texnik komissiya yig‘ilishlarida shu jihatlarga e’tiborli bo‘lish lozimligi aytildi.
Murabbiy va mutaxassislar bilan O‘zbekiston kubogi dasturini muhokama qilish jarayonida musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish, hakamlar, sportchilar uchun barcha zarur sharoitlarni ta’minlash va tayyorgarlik jarayonlarini sifatli tashkil etish yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA