Og‘ir atletika: O‘zbekiston kubogida Qashqadaryo va Toshkent viloyati jamoalari yetakchi
Bugun, 13-sentabr kuni poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida og‘ir atletika bo‘yicha davom etayotgan O‘zbekiston kubogi bahslarining beshinchi kungi musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tayotgan mamlakat kubogining bugungi bahslarida xotin-qizlar -69 va -77 kilo og‘irlikda, yigitlar -95 kilogramm vazn toifasidagi bahslarda ishtirok etadi.

Ortda qolgan to‘rtinchi kungi musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda 5 ta oltin, 4 ta bronza medal jamg‘argan Qarshi olimpiya va paralimpiya sport turlari markazi jamoasi yetakchilik qilmoqda.

Kattalar o‘rtasidagi bahslar holatida esa 4 ta oltin va 1 ta kumush medalga ega Toshkent viloyati og‘ir atletikachilari turnir jadvalini boshqarib turibdi.
Musobaqaning uchinchi kungi bahslarida sportchilar g‘oliblik uchun bor mahoratini ishga solib, murosasiz bellashuvlarda kuch sinashdi.

Shu yil Xitoyning Ningbo shahrida o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga saralash musobaqasi sanalgan O‘zbekiston kubogi 15-sentabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA