Og‘ir atletika: Chempionat hayajonlar maydoni emas
Toshkentda katta hayajon bilan davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi 86, ayollar o‘rtasidagi 29-jahon chempionatining ortda qolgan olti kuniga nazar tashlab, musobaqalar kutilgan va kutilmagan natijalarga boyligi va yurtimizda bir qator jahon rekordlari yangilanayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Bugungacha jahon chempionati davomida ayollarning ham, erkaklarning ham beshtadan vaznida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
Umumiy medallar hisobi bo‘yicha ikki kurash natijasiga ko‘ra, 2 ta oltin va 1 tadan kumush va bronzaga ega bo‘lib turgan tailandliklar yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, ulardan keyingi o‘rinlarni 1 tadan oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston, Indoneziya, Qozog‘iston, Tunis, Xitoy Taypeyi, Janubiy Koreya egallab kelmoqda.
Hozirgi kungacha jahon chempionatida ishtirok etayotgan 80 ga yaqin mamlakatning 19 tasi jahon chempionatining medallarini qo‘lga kiritdi. 60 ga yaqin mamlakatning sportchilari esa hali chempionatning biron-bir sovrinli o‘rnidan joy olganicha yo‘q.
Kecha, 12 dekabr kuni kunning ikkinchi yarmida jahon chempionatining ayollar o‘rtasida 64 kilogramm vaznda, erkaklar o‘rtasida 81 kilogramm og‘irlikda medalllar uchun kurash bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 81 kilogramm og‘irlikda mamlakatimiz sharafini namanganlik iste’dodli sportchimiz Muhammadqodir Toshtemirov himoya qildi. E’tiborlisi, yoshlar o‘rtasida jahon chempionligiga erishgan 20 yoshli Muhammadqodir Toshtemirov dunyoning eng sara atletlari bilan munosib bahslashdi.
Dast ko‘tarishning dastlabki urinishida Muhammadqodir 157 kilogramm toshni ishonch bilan ko‘tardi. Ammo, keyingi urinishlarda unga omad kulib boqmadi. Siltab ko‘tarishda hamyurtimiz 180 kilogramni ko‘targach, murabbiylar birdaniga 12 kilogramm qo‘shishga qaror qilishdi. Sportchimiz toshni ko‘tardi. Lekin hayajonlandi. Chempionat xis-hayajonlar maydoni emasligini biroz unutdi, nazarimizda. Oqibatda hakamlar jarayonda xatoga yo‘l qo‘yildi, deb topishdi. Takroriy urinishda Toshtemirov 192 kilogramm og‘irlikni bo‘ysindirdi va yakunda yettinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu vaznda ikkikurash natijasiga ko‘ra, 374 kg bilan bolgariyalik Nasar Karlos Xasan birinchi o‘rinni band etdi. U dast ko‘tarishda (166 kg) ham, siltab ko‘tarishda ham (208 kg) rekordlarni yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar eronlik Mustafo Mir Javali (367) hamda moldovalik Robu Marin (363)ga tegishli bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasining 20 yoshli sportchisi Toshtemirov (349) ilk bor ishtirok etgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatini to‘qqizinchi o‘rin bilan yakunladi.

Bugun, 13 dekabr kuni jahon chempionatida ayollar 71 kilogramda, erkaklar bo‘lsa, 89 kilogramda musobaqa medallari uchun supaga ko‘tarilishadi. Shuningdek, bugungi dasturga binoan erkaklar o‘rtasida 96 kilogramda chempionatning saralash bahslari o‘tkaziladi.

Ahamiyatlisi, bugungi musobaqalarda o‘zbekistonlik 3 nafar sportchi jahon chempionatining sovrinli o‘rinlari uchun kurashga kirishadi. 71 kilogramm og‘irlikda Tokio olimpiadasi ishtirokchisi Kumushxon Fayzullayeva, 89 kilogramm og‘irlikda Otaxon Imomov va Sarvarbek Zafarjonov jahonning eng kuchli sportchilari bilan ro‘baro‘ keladi.
Tilagimiz sport faoliyati mobaynida yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlari, mamlakat birinchiliklari, xalqaro turnirlarda o‘z mahoratini ko‘rsatib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan shijoatli sportchilarimiz kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida berilgan imkoniyatdan unumli foydalansin.
Toshkentda o‘tayotgan tarixiy chempionat sahnasida ming-minglab yurtdoshlarimizning olqishini olib, dunyo zo‘rlari bilan bahslashish hammaga ham nasib etmaydi. Bu baxtga musharraf bo‘lganlarga esa o‘zligini namoyon etishida omad kulib boqsa bas.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA