Og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida kuchlilar ma’lum
Xabar berganimizdek, ayni kunlarda og‘ir atletika bo‘yicha Xiva shahrida o‘smirlar va kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda.
Xivadagi Milliy va olimpiya sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 4 kun davom etgan o‘smirlar o‘rtasidagi mamlakat birinchiligi musobaqalarida 200 ga yaqin sportchi o‘smirlarimiz 10 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Medallar jamg‘arish natijasiga ko‘ra, Xorazm viloyati vakillari 4 tadan oltin va kumush hamda 3 ta bronza medali bilan 1-o‘rin egallashdi. 2-o‘rin umumiy medallar soni bo‘yicha Andijon viloyati (7 medal) vakillariga nasib etgan bo‘lsa, kuchli uchlik 5 ta medalga egalik qilgan Buxoro viloyati polvonlariga nasib etdi.
Bugun – 19 mart kuni kattalar o‘rtasida chempionat bahslari boshlanadi. Rio va Tokio Olimpiadasi g‘oliblari Ruslan Nurudinov, Akbar Jo‘rayev, yoshlar, o‘smirlar hamda kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibligiga erishgan Doston Yoqubov, Adhamjon Ergashev, Muhammadqodir Toshtemirov, Kumush Fayzullayeva kabi dongdor og‘ir atletikachilar ishtirok etadigan O‘zbekiston chempionatining dastlabki kunida erkaklar 55, 67, 73 kilogramm og‘irlikda, ayollar bo‘lsa, 45 va 55 kg vaznlarda bellashishadi.

Mazkur musobaqalarda Ruslan Nurudinov 109 og‘irlikdagi vazn toifasida, Akbar Jo‘rayev eng og‘ir vazn +109 kg.da, shuningdek, yoshlar o‘rtasida jahon chempionlari Adhamjon Ergashev 67 kg.da, Muhammadqodir Toshtemirov 81 kg, Osiyo chempioni Sarvar Zafarjonov 89 kg.da o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati kumush medal sohibi Nigora Suvonova 76 kg. va Tursunoy Jabborova Xivadagi chempionatda +87 kg. vazn toifasida qatnashish tasdiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi musobaqalar 10 tadan vaznda kechadi. Bahslar 22 martga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA