Bugun, 14 may kuni Xitoyda og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining navbatdagi kungi bahslarini har qachongidan ham ko‘p muxlis kuzatishi kutilmoqda.
Boisi, "Tokio-2020" Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, "Parij-2024" Olimpiadasi sovrindori, jahon chempioni, ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘olibi, dunyo rekordchisi Akbar Jo‘rayev musobaqadagi o‘z ishtirokini boshlaydi.
Kun davomidagi bahslarda shuningdek, terma jamoamiz a’zolaridan Sharofiddin Amriddinov, Tursunoy Jabborova hamda Nigora Suvonova qit’a chempionatida o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Chempionat yakunlanishiga bir kun qolganda medallar jamg‘arish borasida Xitoy va Shimoliy Koreya terma jamoalari yetakchilik qilmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta medal bilan kuchli 11 talikka yakun yasagan.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatida 30 ga yaqin mamlakatning mahoratli og‘ir atletikachilari qatnashmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA