O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Muhammad Rizo Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Adabiy anjuman avvalida Ogahiy bobomiz ijodiy merosiga oid videolavha namoyish etildi.

Taqdimot tadbirida Muhammad Rizo Ogahiy ijodi, uning “Ta’viz ul-oshiqin” kitobi xususida batafsil so‘z yuritildi.  

– Bizning ulkan, muazzam adabiyotimiz jahon adabiyoti bilan bemalol bo‘ylashadigan, bellashadigan adabiyotdir, – dedi taniqli adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov. – Bundan avval ham Ogahiy asari ikki marta nashr etilgan edi. Ham din ilmi, ham arab, fors tillarini mukammal bilgan Ogahiy asarini nashr etishga ehtiyoj katta edi. Ogahiy asarlari salmog‘i, badiiyati jihatdan Alisher Navoiy hazratlariga eng yaqin bo‘lgan ijodkordir. Shoir aytadiki, insonning nomi qoladigan bo‘lsa ham, faqat yaxshi so‘z sababli abadiyatda mangu qoladi. Shu ma’noda ijodkorlar mukammal asarlari orqali adabiyotda boqiy qoladilar. Ogahiy ijodi bugungi kunda ham xalqlar do‘stligi, inson kamoloti, uning ma’naviy dunyosi yuksalishiga xizmat qilmoqda. Mazkur nashrning o‘ziga xosligi shundaki, unda Ogahiyning avvalgi nashrlarga kirmagan ijod namunalari qo‘shilgan. Tushirib qoldirilgan joylari to‘ldirilgan hamda mukammalligi bilan ajralib turadi.        

–Ogahiy ijodi haqida ko‘p gapirish mumkin, – dedi filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olim Maqsud Asadov. – “Ta’viz ul-oshiqin” kitobining nashr etilishi fidoyi olimlar, tadqiqotchilarning ko‘p yillik zahmatli mehnati natijasidir. Navoiy va Ogahiy ijodi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida ko‘p gapiriladi. Adabiyotshunoslar garcha Ogahiy ijodi haqida ko‘plab tadqiqotlar olib borgan bo‘lsalar-da, mazkur kitob yana yangi tadqiqotlar uchun yo‘l ochib beradi. Zero, Ogahiyning ijodi, shaxsiyati, faoliyati, dunyoqarashi, u yashagan davr bilan bog‘liq baholar kelajakda yana beriladi.    

– Ogahiyni ko‘p qirrali ijodkor deb bilamiz, – dedi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi direktori, manbashunos olima Hilola Nazirova. – Lekin bugungi kunda Ogahiy ijodini fanlararo tadqiq etish, adabiyot va tarixni o‘zaro uyg‘un tarzda o‘rganish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.  

–Aslida Ogahiy kitobining nashr etilishi va uning taqdimoti  adabiyot bayramidir, – dedi adabiyotshunos olim Rahmatilla Barakayev. – Ehtimolki, bu kitob akademiklar, olimlar, tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan. Uning nashrga tayyorlanishi ustida olib borilgan mehnatning o‘zi o‘ta zalvorli. Bu mumtoz adabiyotimizdagi juda katta xizmat, ulkan mehnatning natijasidir. Yuqorida aytilganidek, Ogahiy ijodi badiiyat va hajm jihatidan Navoiydan keyingi o‘rinda turuvchi adabiy meros. Ogahiy ijodi bizga o‘z nurini sochib turgan quyosh. Uni qabul qilish, bahra olish har birimizning o‘zimizga bog‘liq.  

Darhaqiqat, Muhammad Rizo Ogahiy nainki Sharq mumtoz so‘z san’ati, balki dunyo adabiyoti xazinasiga ham o‘z she’rlari, tarixiy asarlari va tarjima kitoblari bilan munosib hissa qo‘shgan zabardast bobolarimizdan biri sanaladi. Sharq she’riyatining deyarli barcha janrlarida mahorat bilan qalam tebratgan serqirra va sermahsul ijodkor Ogahiy zullisonayn shoir, tarixchi, mohir tarjimondir.  

Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” kitobini filologiya fanlari nomzodi Sayfiddin Rafiddinov nashrga tayyorlagan. Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilgan. Shoirning umri nihoyasida tuzgan lirik kulliyoti – “Ta’viz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) bizgacha to‘liq yetib kelgan. 

Devon an’anaviy tarzda tuzilgan bo‘lib, 470 g‘azal, 3 mustazod, 89 muxammas, 5 musaddas, 2 murabba, 4 musamman, 4 tarje’band, 7 qit’a, 80 ruboiy, 10 tuyuq, 1 mulamma, 4 chiston, 2 muammo, 4 masnaviy, 1 bahri tavil, 1 munojot, 1 oshiq va ma’shuq savol-javobi, 20 ta’rix, 19 qasida – jami 18 ming  misradan iborat. Devonga «Ash’ori forsiy» nomi bilan Ogahiyning fors tilidagi 1 ming 300 misra she’ri ham kiritilgan.  

Devondagi asarlar mazmun-mundarijasi markazida ishq mavzui turadi. Ishq uning qalamida mavzuni yoritishda, g‘oyani ilgari surishda asosiy badiiy vosita bo‘lsa, she’riyatida ishq – iymon, e’tiqod, Vatan, zakovat timsoli kabi lirik qahramonning o‘y-kechinmalari, faoliyati, dunyoqarashini harakatlantiruvchi kuch. 

Ogahiy devonida zamon va zamondoshlari tasviri ham katta o‘rin egallagan. Shoir o‘zi yashab ijod etgan murakkab davrni mahorat   bilan badiiy umumlashtirganda, zamon va uning ahliga munosabat bildirganda, baho berganda, insonparvarlik, xalqparvarlik nuqtai nazaridan yondashgan.  

Adabiy anjuman Ogahiy ijodi chuqur tahlil qilinishi bilan mazmunli bo‘ldi.  

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” kitobi nashr etildi