Vatanimiz tarixidagi 17 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1474 yil (bundan 550 yil oldin) – tarixchi olim Bo‘riboy Ahmedovning yozishicha, hijriy 879 yil sha’bon oyining yettinchisida shanba kuni (milodiy 1474 yil 17 dekabrda) Mirzo Ulug‘bekning shogirdi, astronom va matematik olim, mutafakkir Ali Qushchi Istanbulda vafot etdi. Uni Istanbuldagi Ayyub Sulton qabristoniga dafn etdilar.
1809 yil (bundan 215 yil oldin) – Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida Erniyozbek mirob oilasida shoir, tarixchi va tarjimon Muhammadrizo Ogahiy dunyoga keldi. U yigirma yoshida Xiva xoni Olloqulixon tomonidan mirob etib tayinlangan. O‘ttiz olti yoshida otdan yiqilib, oyog‘i “shakarlang” (shol) bo‘lib qolgan. U yigirma sakkiz yil davomida miroblik qilib, qirq sakkiz yoshida iste’foga chiqqan. Oltmish sakkiz yil umr ko‘rgan Ogahiy umrining oxirigacha moddiy muhtoj, g‘amgin, kasalmand ahvolda kun kechirgan.
Uning 18 ming misradan iborat lirik kulliyoti – “Oshiqlar tumori” bizgacha to‘la yetib kelgan. Ogahiyning yuksak insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan g‘oyalari xon va shoir Muhammad Rahimxon II Feruzning siyosiy-ma’rifiy tarbiyasiga ta’sir qilgan. U tarixchi olim sifatida tarixiy asarlar, Xiva xonlariga, yirik tarixiy shaxslarga bag‘ishlab qasidalar yozgan.
Ogahiyning “Qasidai nasihat” asari Feruzga bag‘ishlangan. Feruz Ogahiyning davlatni boshqarish to‘g‘risidagi maslahatlariga quloq tutgan, uning hikmatli baytlarini marmar toshlarga yozdirib, arzxonalarga qo‘ydirgan, ko‘p ezgu ishlarni amalga oshirgan.
1907 yil (bundan 117 yil oldin) – tarixchi Shahodat Murodovaning qayd etishicha, Turkiston o‘lkasida maxfiy razvedka bilan shug‘ullanuvchi maxsus organ – Turkiston rayon muhofaza bo‘limi ta’sis etildi. Bevosita markazga bo‘ysunuvchi Ichki ishlar vazirligining Politsiya departamenti organini ruslar “oxranka”, mahalliy aholi esa “siyosiy idora” deb atagan.
Mahalliy aholi kayfiyatini o‘rganuvchi, keng josuslik tarmog‘iga ega bo‘lgan “oxranka” asosiy diqqatini yetilib kelayotgan ozodlik harakatiga qaratdi. Taraqqiyparvarlarni, jurnalist, mudarris va ziyolilarni ro‘yxatga olish, norasmiy kuzatuv va turli ovozalar tarqatish, kezi kelganda ig‘vogarlik uyushtirish uning asosiy maqsadi bo‘lgan.
U o‘rgimchakdek o‘z to‘rini har bir shahar, tuman, kishloq, mahalla, xonadonlarga, idora-yu korxonalarga tashlagan edi. Har joyda o‘z odamlariga ega bo‘lgan. “Tayyor va keng tarmoq otgan tashkilot va idoralarga ega bo‘lgan ma’muriyat va politsiya, – deb yozilgan edi bir hujjatda, – keng aholi bilan har kuni muntazam to‘qnashib turadi va uni nazorat kilish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘lajak”.
1920 yil (bundan 104 yil oldin) – Buxoro respublikasi hukumati boshlig‘i va tashqi ishlar noziri Fayzulla Xo‘jayev bilan Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Mahmud Tarziy har ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgani to‘g‘risida yorliqni o‘zaro almashtirishdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Buxoro respublikasi mustaqilligini Rossiyadan keyin ikkinchi bo‘lib 1920 yil 26 oktyabrda Afg‘oniston e’tirof etgan edi.
1920 yil (bundan 104 yil oldin) – Turkiston ASSR Xalq maorifi komissarligidagi teatr bo‘limi hamma viloyat va tumanlarda dramatik truppalar tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
1925 yil (bundan 99 yil oldin) – aktyor, rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti Hamza Umarov tavallud topdi. U teatr sahnasida ijro etgan ko‘plab rollaridan tashqari “Mahallada duv-duv gap” filmida Umar, “O‘tgan kunlar” filmida Homid kabi obrazlarni ham yaratdi. Dublyaj san’atining mohir ustasi sifatida mingdan ortiq filmga ovoz berdi.
1932 yil (bundan 92 yil oldin) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xudoyberdi To‘xtaboyev tavallud topdi. U o‘zbek bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqqan ijodkorlardan biridir.
1999 yil (bundan 25 yil oldin) – Xorazmda o‘zbek adabiyoti klassigi Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiyning 190 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi. Yubiley tadbirlari shoir dafn etilgan “Shayx Mavlon bobo” qabristonini ziyorat qilish bilan boshlandi. Yubiley tantanalari ishtirokchilari Xiva tumanidagi Ogahiy uy-muzeyida ham bo‘lishdi.
So‘ngra Xivadagi “Ma’mun” akademiyasida “Sharqning ma’naviy-ma’rifiy rivojlanishida Ogahiy adabiy-ilmiy merosining ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Shundan keyin asosiy yubiley marosimlari Urganch shahriga ko‘chdi. U yerda ishtirokchilar Ogahiy nomi bilan ataluvchi maydonda uning haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. Ogahiy nomidagi viloyat teatrida ushbu sanaga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
2000 yil (bundan 24 yil oldin) – Toshkent shahri va viloyati, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga qadar efirni uzatish imkoniyatiga ega bo‘lgan «Oriyat» teleradiokompaniyasi ishga tushdi.
2012 yil (bundan 12 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob, 26 moddadan iborat.
2014 yil (bundan 10 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Mahalla» ma’rifiy teleradiokanalini tashkil etish va raqamli teleko‘rsatuvlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakatda chop etiladigan «Nikkei» gazetasiga intervyu berdi. 1876 yilda asos solingan, dunyodagi yirik moliyaviy nashrlardan biri bo‘lgan ushbu gazeta 3 milliondan ziyod nusxada chop etiladi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”, “Respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi agrosanoat majmui va qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi